Uychidagi qoʻshma korxonada 400 ta ish oʻrni yaratildi
Uychi tumanida «Mega tekstil» qoʻshma korxonasi foydalanishga topshirildi. Uni barpo etish uchun 20 mln. AQSH dollariga teng toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilingan boʻlib, hozirga qadar 400 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Bu yerda ilgʻor texnologiya yordamida yiliga 7 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanib, 6 ming tonna kalava ip olinadi.
Korxonada quvvatlarini oʻzlashtirish barobarida navbatdagi loyihalar ijrosi davom ettirilmoqda. Jumladan, paypoq va qoʻlqoplar ishlab chiqarish texnologiyasi ishga tushirilishi natijasida qoʻshimcha ravishda yana 150-200 ta yangi mehnat oʻrinlari yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish esa 2 mln. juft paypoq hamda 3,8 mln. juft lateks va nitral ishchi qoʻlqoplarini tashkil etadi.
Shunday qilib, hamkorlik korxonasida joriy yil yakuni bilan yaratilgan jami ish oʻrinlari soni 600 taga yetkaziladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning salmoqli qismi Rossiya Federatsiyasi, Turkiya va Belarusga yuborilishi hamda yillik eksport hajmi 11 mln. AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Bundan tashqari, korxonada 2021—2022-yillarda qiymati 45 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan “Satin va poplin matolari toʻqish, choyshab ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish ham rejalashtirilgan boʻlib, buning natijasida 1200 ta yangi ish oʻrni yuzaga keladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring