Uychi DXM ham yangi binoga koʻchib oʻtdi
Koronavirus, karantin, uyda qoling! Bu soʻzlar fuqarolarimiz tomonidan har qachongidan-da koʻp ishlatilayotganini barchamiz koʻrib bilib turibmiz. Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish markazlari shunday murakkab sharoitda ham oʻz faoliyatlarini toʻxtatganlari yoʻq. Masalan, karantin eʼlon qilingan kundan boshlab, bugungi kunga qadar Namangan viloyatidagi shunday muassasalarga fuqarolar va tadbirkorlik subyektlaridan 41 271 ta ariza kelib tushgan. Ularning 32 796 tasi hal etilgan boʻlsa, 11 127 tasi turli sabablarga koʻra rad etilgan, 5 267 ta murojaat koʻrib chiqilmoqda.
Bundan tashqari joylarda aholiga xizmat koʻrsatish barobarida bir-birini takrorlamaydigan dizayn asosida davlat xizmatlari markazlarining yangi binolari qurib foydalanishga topshirilyapti. Yaqinda Chust, Chortoq tumanlarida shunday inshootlar foydalanishga topshirilgan edi. Kecha Uychi tuman DXM markazi ham yangi, barcha qulayliklarni oʻz ichiga olgan binoga koʻchib oʻtdi.
Zamon talablari darajasida barpo etilgan binoda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi ham faoliyat koʻrsatadi. Markazda fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berish burchagi, kutish zali, bolalar maydonchasi, kutubxona, tibbiyot xonasi, E-auksion hamda FHDYO boʻlimi inspektori uchun xona ham mavjud.
Ayni paytda markazda karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilib, oraliq masofani saqlagan xolda xizmat koʻrsatilmoqda. Maʼlumot uchun, Uychi tumanida 211 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Joriy yilning oʻtgan davrida 20 mingdan koʻproq kishi davlat xizmatlaridan foydalandi. Ular orasida tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan 705 nafar fuqaro ham bor.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring