Uy ishchisining huquq va manfaatlari toʻliq himoyalanadi
Maʼlumki, 2022-yil 28-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi qabul qilindi. Kodeksda bir qator yangi mehnat turlari ham oʻrin oldi va ish beruvchi hamda ishchi-xodimning mehnatga oid huquqlari yanada mustahkamlab qoʻyildi.
Yangi kodeksda mikrofirmalarda va ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxslarda ishlovchi va yakka tartibdagi tadbirkorlarda yollanib ishlaydigan shaxslar mehnatini hamda uy ishchilarining mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solinishining oʻziga xos xususiyatlari belgilab berildi.
Statistik maʼlumotlarga qaraganda, hozirgi kunda dunyoda kamida 67 million uy ishchisi bor, ularning 80 foizi ayollardir. Tadbirkorlik yoki boshqa mashgʻulot bilan band boʻlgan shaxslar oʻzlarining kundalik maishiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida enaga, oshpaz, bogʻbon, qorovul, haydovchi kabi uy ishchilarini yollashga ehtiyoj sezmoqda. Yangi tahrirdagi kodeks aynan shu turdagi ijtimoiy munosabatlarni qonuniy tartibga soldi. Kodeksga asosan, uy ishchilarining yollanib ishlash boʻyicha ish davrlari basharti ijtimoiy soliq toʻlansa, xodimning mehnat stajiga kiritiladi.
Uy ishchilarini ishga qabul qilishga ular oʻn olti yoshga toʻlganida yoʻl qoʻyiladi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻzida fuqarolik muomala layoqati toʻliq hajmda mavjud boʻlgan taqdirda, uy ishchilarini ishga yollash huquqiga egadir.
Kodeksda esa uy ishchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga alohida urgʻu berildi. Bunda ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasi uy ishchisi bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga kelishiga asos boʻladi. Ishga qabul qilinayotgan uy ishchisi bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin.
Mehnat shartnomasi tuzilguniga qadar uy ishchisi ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan mehnat shartlari toʻgʻrisida oldindan xabardor qilinishi kerak.
Uy ishchisi bilan mehnat shartnomasi uch nusxada tuziladi, ulardan biri ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi, ikkinchisi ish beruvchida qoladi, uchinchisi esa xodimga beriladi.
Agar taraflar uy ishchisini oziq-ovqat va uy-joy bilan taʼminlash toʻgʻrisida kelishuvga erishgan boʻlsa, bu shart mehnat shartnomasining mazmuniga kiritilishi zarur. Uy ishchilarini ishga qabul qilish buyruq eʼlon qilinmasdan amalga oshiriladi. Uy ishchilariga mehnat daftarchalari yuritilmaydi.
Ish rejimi, dam olish kunlarini va yillik mehnat taʼtillarini berish tartibi xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi. Bunda ish haftasining davomiyligi ushbu kodeksda belgilanganidan koʻproq, yillik mehnat taʼtilining davomiyligi esa qisqaroq boʻlishi mumkin emas.
Uy xoʻjaligida yashovchi uy ishchilarini har kunlik yoki har haftalik dam olish yoxud yillik mehnat taʼtillari davrida uy xoʻjaligida yoki uy xoʻjaligi aʼzolari bilan qolishga majburlash taqiqlanadi.
Uy ishchisi mehnat shartnomasini ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsni yetti kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda, oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqlidir.
Bu boradagi mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari ham uy ishchilarini har jihatdan himoya qilishni taʼminlaydi. Bu bir tomondan mehnat munosabatlarni tartibga solinganligini bildirsa, ikkinchi tomondan esa taraflarning huquqlari buzilishining oldini oladi.
Orzigul QOZIXONOVA,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati kengashi raisining oʻrinbosari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring