Uganda bosh qoʻmondoni Turkiyadan 1 milliard dollar va eng goʻzal ayolni talab qildi
Uganda Qurolli Kuchlari qoʻmondoni Muxuzi Kaynerugaba Kampala va Anqara oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashmasligi uchun Turkiyadan 1 milliard dollar hamda mamlakatning eng goʻzal ayolini xotinlikka berishni talab qildi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
“Agar muammolarimiz hal etilmasa, biz keyingi 30 kun ichida Turkiya bilan barcha diplomatik aloqalarni uzamiz. Biz muzokaralar boshlanishidan oldin Turkiyadan zudlik bilan 1 milliard dollar taqdim etishini talab qilamiz”, — deb yozdi Kaynerugaba X ijtimoiy tarmogʻida.
Muxuzi Kaynerugaba oʻz talabiga yana bir band qoʻshib, Turkiyaning eng goʻzal ayolini xotinlikka berishni soʻragan. Keyinchalik u ushbu xabarni oʻchirib tashlagan.

Boshqa bir oʻchirilgan xabarida Kaynerugaba Turkiyadan talab qilinayotgan mablagʻlar Somalidagi vaziyatni barqarorlashtirishdagi ishtiroki uchun “xavfsizlik dividenti” boʻlib xizmat qilishini taʼkidlagan.
Muxuzi Kaynerugaba Turkiyani Somalidagi infratuzilma shartnomalaridan, shuningdek, Afrika davlati poytaxtidagi portlar va aeroportlar ishidan foyda olayotganlikda aybladi. Uganda Afrika Ittifoqi missiyalari doirasida Somalida “Ash-Shabab” radikal islomiy guruhi jangarilariga qarshi kurash olib boradi.
Kaynerugaba agar talablar bajarilmasa, Uganda Turkish Airlines aviakompaniyasiga oʻz havo hududida parvoz qilishni taqiqlashi haqida ogohlantirgan.
RBK maʼlumotlariga koʻra, bu Kaynerugaba tomonidan taklif etilgan birinchi shov-shuvli kelishuv emas. 2022-yilda u Italiya Bosh vaziri Jorjya Melonining qoʻlini soʻrab, evaziga “yer yuzidagi eng goʻzal sigirlar” deb atagan Ankole zotli 100 ta sigir taklif qilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring