Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda oʻtdi

16:46 20 Iyun 2023 Siyosat
440 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Indoneziya Respublikasining Konstitutsiviy sudining sudyasi Vaxiduddin Adams bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi J.Shirinov hamda qoʻmita aʼzolari M. Husanova va D. Aripovlar ishtirok etdi.

Suhbat avvalida mehmonlarga Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, umumxalq referendumi orqali qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi oʻzgarishlar, xususan unda parlamentning roli, uning asosiy funksiya va vakolatlari haqida maʼlumot taqdim etildi.

Oʻz navbatida, V.Adams mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarga yuksak baho berib, yaqinda oʻtkazilgan referendumning yuqori darajada tashkil etilganligi bilan qutladi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya Oʻzbekistonning kelajagi va taraqqiyoti, oʻzbek xalqining farovonligi uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Suhbat davomida mehmon Oʻzbekistonda qonun ijodkorlik jarayonida jamoatchilikning fikri inobatga olinishi, qonun loyihalarining huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi, ilmiy salohiyatning ahamiyati va qoʻshimcha qanday mexanizmlar mavjudligi toʻgʻrisida qiziqish bildirdi. Ushbu masala yuzasidan J.Shirinov tomonidan batafsil maʼlumot berildi.

Davlatning iqtisodiy rivojlanishi va aholining turmush tarzini yaxshilash masalalarida parlamentning roli haqida toʻxtalar ekan, Vaxiduddin Adams ijro hokimiyati tizimini nazorat qilishda Oliy Majlisning vakolatlarini alohida eʼtirof etdi.

Tomonlar alohida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar va ziyorat turizmi soharlarida mavjud yuksak salohiyatni qayd etib, ushbu yoʻnalishda oʻzaro aloqalarni va tajriba almashishni yoʻlga qoʻyishni taklif etishdi.

Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер