Uchqoʻrgʻonda nima gaplar?

02:39 30 Aprel 2022 Jamiyat
1101 0

Namangan viloyatining olis hududlaridan sanalgan Uchqoʻrgʻon tumaniga uyushtirilgan press-tur jurnalist va blogerlarga bu yerda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yoʻlidagi tajribalar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Tadbir ishtirokchilari tumandagi Sohil mahallasida “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida “Uchqoʻrgʻon forel baliqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan xoʻjalikka tashrif buyurdi. Bu yerda baliq yetishtirish uchun 30 ta hovuz qurib bitkazilib, bir million dona forel baligʻi chavoqlari parvarishiga kirishilgan. Kooperatsiyada yaqin vaqt ichida 100 nafar oilaning bandligi taʼminlanadi. Eʼtiborli jihati, loyihani amalga oshirish juda murakkab ish emas, asosan chuchuk va kislorodga toʻyingan suvlarda yashaydigan, sovuqsevar ushbu baliq turlarini yetishtirish uchun korxona hovuzlariga suv Norin daryosidan quyiladi va aylanma oqim bilan yana daryoning oʻziga qaytadi.

OAV vakillari tadbirkor Dilshod Otamirzayev tomonidan roʻyobga chiqarilayotgan ushbu loyiha ijrosidan kutilayotgan natijalar bilan qiziqdilar. Parvarishlash uchun fuqarolarga taqsimlab berilgan hovuzlarda koʻpi bilan 6-7 oy ichida 200 tonnadan koʻproq mahsulot yetishtiriladi. Uni qayta ishlash maqsadida zamonaviy laboratoriya, ixtisoslashtirilgan sex va muzlatgichli omborxona ham barpo etiladi. Eʼtiborli jihati, Uchqoʻrgʻon forellarini tashqi bozorga chiqarish va yiliga 700-800 ming AQSH dollariga teng eksport amaliyotlarini bajarish rejalashtirilgan.

Qulupnaychilik – tuman agrar sohasining oʻsish drayverlaridan biriga aylangan. Mamlakat isteʼmol bozoriga ochiq dalada yetishtirilgan ushbu neʼmatni birinchi boʻlib yetkazib berayotgan ham uchqoʻrgʻonliklar. Yuqori daromad manbai boʻlgan bu ekin endilikda xonadonlardan chiqib, tomorqa va fermer xoʻjaliklarida ham ommalashmoqda. Jurnalist va blogerlar qulupnayzorlarda boʻlib, totli mevani oʻz qoʻllari bilan terdilar.

— Mashhur Uchqoʻrgʻon qulupnayzorlariyu baliqchilik yoʻnalishidagi yangiliklar bilan tanishib qaytsak kerak, deb oʻylagandim,— deydi media tur ishtirokchisi Doniyor Yusuf. — Lekin biz oʻylagandek boʻlmadi, har bir jurnalistga oʻzi tanlagan hududga borib oʻsha joy bilan tanishib, yoritish imkoni berildi. Men tumanning eng chekka mahallasi boʻlgan «Yorqinboychek» ka bordim. Bu qishloqning faol yoshlari har kuni bir tashabbus bilan chiqayotgani haqida eshitgandim. Ular imkoniyatlar, sharoitlar markazlar uchun deb oʻtirmasdan oʻzlari ana shu imkoniyatni qishloqda yaratishayotgani rost ekan. Qishloq markazida xususiy tadbirkorga tegishli boʻsh turgan ikki qavatli binoni faqatgina soligʻini toʻlash evaziga olgan yigit-qizlar bu yerda shugʻullanish uchun fitnes zali, oʻquv markazi va moʻjazgina kutubxona tashkil qilishibdi. Mahallaning yoshlar yetakchisi Husniddin Abduqahhorovning saʼy-harakatlari quvvatlanib, viloyat hokimi tomonidan 500 dan ziyod kitob, fitnes zali uchun yangi sport anjomlari, tuman hokimligi tomonidan esa oʻquv markazi uchun jihozlar sovgʻa qilinibdi.

Press-tur chogʻida Uchqoʻrgʻon va uchqoʻrgʻonliklar hayoti bilan bogʻliq boshqa eʼtiborga molik manzaralar, tajriba va tashabbuslar, fuqarolar faolligi jurnalist va blogerlarda katta taassurot qoldirdi, yozilajak media mahsulotlar uchun zarur maʼlumotlar toʻplandi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер