“Uchinchi odam”
Navoiy viloyatida joriy yilning sakkiz oyida 1651 ta nizoli oila yarashtirilib, 2684 nafar bola tirik yetimlik qismatidan asrab qolindi.
Qaysidir aʼzosining oʻz burch,masʼuliyat va majburiyatiga bepisand munosabati oilani nizolar girdobiga giriftor etadi. Ayniqsa, “uchinchi odamningmuntazam aralashuvi bu institut barqarorligiga tahdid solishi shubhasiz. Modomiki, oila jamiyatning tayanch boʻgʻini ekan undagi maʼnaviy muhitning sogʻlomligi jamiyat ravnaqining garovi hamdir.
Mamlakatimiz rahbarining2018-yilgi Shayxontohur tumaniga tashrifida bergan topshirigʻi hamda “Oila” markazi tomonidan oʻtkazilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida respublika boʻylab “Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyilishida ham ayni hikmat mujassam.
Markaz tomonidan bugun mamlakatimizda 137 ta innovatsion maktab faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularga jalbetilgan 400 nafardan ziyod mutaxassislar tomonidan hozirga qadar qariyb 36 ming nafar boʻlgʻusi kelin-kuyov oila, roʻzgʻorning pastu balandi boʻyicha oʻqitildi.
Mazkur maktab faoliyati samaralarini targʻib etish maqsadida Respublika “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan Navoiy viloyatiga press-tur uyushtirildi. Unda ishtirokchilar viloyatdagi mazkur maktab faoliyati bilan tanishar ekan,mamlakatimiz rahbarining topshirigʻi yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlashda oʻziga xos ibrat namunasi boʻlayotganligiga eʼtibor qaratishdi.

“Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi” mashgʻulotlarida oilaviy hayot psixologiyasi, diniy va axloqiy tarbiya, oilaviy-huquqiy munosabatlar, reproduktiv salomatlik (ushbu mavzu yigit va qizlarga alohida), oila byudjeti va iqtisodi, oila mustahkamligini taʼminlashda mahallaning oʻrni va hokazo mavzularda mashgʻulotlar oʻtkazilib, yoshlarga oilaviy hayotda uchraydigan muammolar hamda ularni oqilona bartaraf etish yoʻllari haqida hayotiy misollar asosida maʼlumot va tavsiyalar beriladi.
- Yangi xonadonga moslashish murakkab jarayon, - deydi Karmana tumanidagi Navroʻz MFY istiqomat qiluvchi Sitora Fayzullayeva. – Mashgʻulotlarda kelinlikning burch va masʼuliyatlari boʻyicha atroflicha tushuncha, turli nizoli holatlar va ularning oldini olish xususida amaliy koʻnikmalar oldim.

- Maktabimizda mashgʻulotlar asosan, interfaol, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yoshlarbop, zamonaviy yutuqlaridan, rivojlangan davlatlar va xalqaro tashkilotlarning ilgʻor tajribalaridan samarali foydalangan holda, kreativ yondashuvlar va ilmiy-innovatsion usullarda olib boriladi, - deydi “Oila” ilmiy-tadqiqot markazi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Mahfuza Hamroyeva. – Shuningdek, buyuk allomalarimiz, taniqli ijodkorlarimizning oilaparvarlik, farzandlik, kelin-kuyovlik, qaynona-qaynotalikning muqaddas burchlarini anglatishga, oilaviy rishtalarni mustahkam bogʻlashga va yoshlarimizning diniy-huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiluvchi kitoblaridan tarkib topgan “Maʼrifatli oila kutubxonasi” va oila mavzusiga bagʻishlangan taʼsirchan video va animatsion filmlar, videoroliklar, infografik lavhalar asosida Mediatekadan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Va, nihoyat mashgʻulotlar yakunida Oila” markazi mutaxassislari tomonidan Toshkentdagi Inha universiteti xodimlari koʻmagida yaratilgan “Oʻsmir qizlarni mustaqil hayotga va turmushga, roʻzgʻor ishlarini yuritishga, har tomonlama oqila oila bekasi boʻlishga tayyorlab borish uchun moʻljallangan “Oila saboqlari” deb nomlangan mobil ilova va yosh kelin-kuyovlar uchun yangi turmush qurayotgan yigit-qizlarning oila sohasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash mavzuidagi tavsiya va maslahatlar oʻrin olgan “Mustahkam oilaga yoʻllanma” nomli ensiklopedik yon daftarcha taqdim etiladi.
Mashgʻulotlarga viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim muassasalari, diniy idora va boshqa hamkor tashkilotlarning obroʻ-eʼtiborli mutaxassislari jalb etilgan.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring