Uch yil toʻldi. Xoʻsh, nima ishlar qilindi?
Bundan roppa-rosa uch yil avval Prezidentimiz tomonidan “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Xoʻsh, oʻtgan vaqt mobaynida ushbu qaror asosida qanday ishlar amalga oshirildi? Aholini, shu jumladan, yosh oilalarni, eskirgan xonadonlarda yashayotganlar, umuman, muhtoj odamlar uy-joy bilan qanchalik taʼminlandi?
Qayd etish kerak, mazkur qaror minglab odamlarga quvonch baxsh etdi. Chunki insonning oʻz uyi boʻlishi naqadar baxt. U oʻz xonadonida toʻy-tantana qiladi, farzandlari kamol topadi. Ijarama-ijara yurib sarson-sargardon boʻlmaydi. Koʻz ochib yumguncha vaqti kelib qoladigan ijara pulini oʻz uyi uchun yoʻnaltiradi. Muhimi, uzoq yilga imtiyozli kredit asosida. Xullas, necha minglab odamlar qaror qabul qilinganining ertasi kuniyoq ushbu uylardan olish uchun hokimliklarga ariza topshirdi.
Oradan hech qancha vaqt oʻtmay ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan yana bir muhim qaror qabul qilindi. Yaʼni 2017-yil 13-yanvarda “Oʻzshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasiga asos solindi. Kompaniyaga qurilish ishlarni oʻz vaqtida sifatli amalga oshirish uchun buyurtmachi vazifasi yuklatildi. 2017-yilgi davlat dasturi boʻyicha 191 ta koʻp qavatli uylarni qurish belgilab berildi. Dastur ijrosi oʻz vaqtida bajarildi. Toʻgʻri birinchi yil bunyod etilgan uylarning pardozlash ishlarida kamchiliklar ham kuzatildi. Ammo Oʻzbekiston tarixida bunday katta hajmdagi qurilish ishlari ilk marotaba amalga oshirilayotganini hisobga olsak buni qoʻpol xato deyish nooʻrin. Chunki davlatda keng koʻlamli qurilish ishlari amalga oshirilmagandan keyin quruvchi mutaxassislar ham deyarli yoʻq edi.
Ehtiyoj yuqori. Shu bois kompaniya zimmasiga 2018-yilgi dastur boʻyicha 355 ta koʻp qavatli uylar qurish vazifasi yuklatildi. Davlatimiz rahbarining viloyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini oʻrganish yuzasidan qilgan tashriflari chogʻida dasturga qoʻshimcha ravishda uy-joylar qurish boʻyicha ham topshiriqlar berildi. Natijada yil oxiriga kelib, jami 413 ta koʻp qavatli uylar oʻz egalariga topshirildi.
Joriy yilda esa dastur boʻyicha 403 ta koʻp qavatli arzon uylar bunyod etildi. Eʼtiborlisi, 2019-yildan boshlab, 16 qavatli turar-joylar qurilishi ham oʻzlashtirildi. Yaʼni poytaxtimizning Sergeli tumanida 1 ta hamda Andijon shahrida 2 ta ana shunday uylar qurilishida soʻnggi pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Umuman, 3 yil davomida 1007 ta arzon uy-joylar qurilib, 42 266 ta oila oʻz uyiga ega boʻldi. Shunday boʻlsa-da, bugun aholining uy-joyga boʻlgan talabi toʻlaqonli qondirilgani yoʻq. Hali necha minglab uy-joyga muhtojlar arizasi boʻyicha oʻz navbati kutmoqda. Albatta, yillar davomida orttirilgan kasallikni bir zumda davolashning imkoni boʻlmaganidek, bu boradagi ehtiyojni ham qisqa vaqtda qondirish imkoni yoʻq. Hali qurilishlar davom etadi va aholining bu boradagi muammolari bartaraf etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring