Tushum aslida qancha edi?

16:39 22 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
1510 0

Illyustrativ foto

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan soliqlarni oʻz vaqtida toʻlab kelayotgan insofli tadbirkorlarni ragʻbatlantirish, sogʻlom raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish hamda isteʼmolchilar eʼtiroziga sabab boʻlayotgan noqonuniy savdo faoliyatiga chek qoʻyish maqsadida keng qamrovli monitoring oʻtkazilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi xabar berdi.

Jumladan, poytaxtimizning Oʻrikzor, Chilonzor buyum bozori, Qatortol savdo kompleksi va Chorsu bozorlarida oʻtkazilgan monitoring jarayonida 127 holatda toʻlov terminallaridan foydalanmaslik, 104 holatda nazorat kassa mashinalarini ishlatmaslik, 77 holatda hujjatsiz faoliyat yuritayotganligi va 3 holatda isteʼmolchilarga sifatsiz mahsulot sotilayotganligi aniqlandi.

Monitoring davomida naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirmaslik, nazorat kassa mashinasini nosoz holatga keltirish, fiskal xotiradagi maʼlumotlarni qasddan oʻzgartirish, nazorat kassa mashinalarini yoʻqotish orqali tovar aylanmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni soxtalashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻlishi tushuntirilmoqda.

Oʻrikzor bozorida 13 nafar tadbirkorning faoliyatida oʻtkazilgan xronometraj (koʻzdan kechirish) tadbirida joriy yil yanvar oyining oʻtgan 20 kunida oʻrtacha tushum 14,6 mln. soʻmni tashkil etgandi. Vaholanki, oʻrganish davomida bir kunlik tushum 112,5 mln. soʻmni yaʼni, oldingi kunlarga nisbatan qariyb 8 baravarga oshgan maʼlum boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, toʻlov terminali va nazorat kassa mashinalarini belgilangan tartibda ishlatmaganlik uchun Soliq kodeksining 119-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining 30 baravaridan 50 baravarigacha, toʻlov terminali orqali toʻlovlarni qabul qilishni rad etish eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida hamda Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan, savdodan tushgan naqd pulni bank kassalariga topshirmaslik, yashirilgan summaning 20 foizi miqdorida jarima hamda soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, deb baholanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер