“Turon” maktab teatri respublika tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi oʻtkazildi
Umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarining ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, iqtidorli oʻquvchilarni aniqlash, ularning isteʼdodlarini namoyish etishlariga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida oʻtkazib kelinayotgan mazkur tanlovning tuman va shahar bosqichlari ham yuqori saviyada tashkil etildi.

- “Turon” maktab teatri respublika tanlovining tuman va shahar bosqichlarida 302 ta maktabning teatr studiyalari qatnashdi,-deydi Sirdaryo viloyati “Kelajak markazi” direktori oʻrinbosari Nargiza Xolmurotova. - Eʼtiborlisi mazkur bosqichlarda 2416 nafar oʻquvchi qatnashib, oʻz ijodiy qobiliyatlarini sinovdan oʻtkazdi. Eʼtirof etish kerakki, ayni tanlov orqali koʻplab isteʼdodli yoshlar aniqlanmoqda. Qolaversa, u oʻquvchilarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish uchun mahorat maktabi boʻlib ham xizmat qilmoqda. Shu oʻrinda keyingi yillarda maktab teatr studiyalarini rivojlantirishga katta eʼtibor berilayotganligini taʼkidlash oʻrinlidir. Xususan, studiyalarda professional teatr aktyorlari bilan uchrashuvlar va ularning mahorat darslari tashkil qilinayotir.

Tanlovning viloyat bosqichi yakuniga koʻra Boyovut tumanidagi 41-umumiy oʻrta taʼlim maktabining “Buyuk Turon avlodlari” guruhi birinchi oʻrinni egalladi va respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Maʼlumot uchun: “Turon” maktab teatri respublika tanlovining respublika bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan jamoaga xorijiy davlatga taʼlimiy sayohat yoʻllanmasi berilishi koʻzda tutilgan.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring