Turkiyalik tadbirkorlar Fargʻonada yangi loyihalarni amalga oshiradi

15:55 31 Mart 2022 Jamiyat
1025 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov turkiyalik investorlar va tadbirkorlar delegatsiyasini qabul qildi.

Bino-inshootlar loyihalarini ishlab chiquvchi "Studio Vertebra“, avtobuslar va maxsus transportlar ishlab chiqaruvchi» Termodinamik Otomotiv“, chiqindilarni qayta ishlash, quyosh va shamol elektrostansiyalarini qurishga ixtisoslashgan ”Klintek İnşaat ve Enerji“, landshaft dizaynerligi va koʻchatchilik shirkati» Ormanada Peyzaj" kompaniyalari rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvda Fargʻona viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar istiqboli oʻrganildi.

Xususan, “Klintek İnşaat ve Enerji” kompaniyasi vakillari Fargʻonada ekologik toza texnologiyalarni tatbiq etgan holda chiqindini qayta ishlash korxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻyishni moʻljallamoqda. Loyiha qiymati 170 million yevro boʻlgan korxona ishga tushirilgach, bu yerda kuniga 2,5 ming tonnagacha chiqindini qayta ishlash hisobiga yiliga 50 MVt elektr energiyasi va 25 ming tonna oʻgʻit chiqariladi. Chiqindilarning katta qismi yana foydalaniladigan buyumlarga aylantiriladi, chiqindining yoqiladigan qismidan paydo boʻladigan issiqlikdan foydalanish uchun korxona yonida 10 gektarlik issiqxona barpo etiladi. Korxona tomida oʻrnatiladigan quyosh energiyasi panellari yordamida ichki elektr energiyasi ehtiyoji qoplanadi. Shu tariqa loyiha doirasida 600 ta ish oʻrni yaratiladi.

Shuningdek, uchrashuvda «Termodinamik Otomotiv“ kompaniyasi hamkorligida jamoat transporti parkini zamonaviy avtobuslar hamda elektrobuslar bilan toʻldirish, ”Ormanada Peyzaj" tomonidan viloyat markazida qad rostlayotgan Ekoshahar hududida 70 gektarlik “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining 10 gektarida landshaft va meʼmoriy loyihani amalga oshirish, sarmoyador Alper Yalchin tomonidan esa zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Gemodializ markazi tashkil etish takliflari ilgari surildi.

Turkiyaning “Studio Vertebra” meʼmorlik shirkati mamlakatimizda bir qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Shirkat rahbari Mehmet Bektashning maʼlum qilishicha, ayni paytda Margʻilon shahrida maqom teatri hamda yangi turar joy majmuasi, Qoʻqon shahrida dam olish parki loyihalari ishlab chiqilgan.

Muloqot yakunida ushbu loyihalarning amaliy ijrosi yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Botir Madiyorov,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер