Turkiya parlamenti deputati Fargʻonadagi yangilanishlarga yuksak baho berdi

15:26 06 Noyabr 2023 Jamiyat
227 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti) deputati, Turkiya sobiq tashqi ishlar vaziri Mevlyut Chavushogʻlu mamlakatimizga tashrifi doirasida Fargʻona viloyatida ham boʻlib, viloyatda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli hayotbaxsh islohotlar bilan tanishdi.

Turkiya parlamenti deputatiga viloyatga safari davomida Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi oʻrinbosari Oʻmer Kojaman, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Ravshanbek Alimov hamrohlik qildilar.

Mehmonlar dastlab Margʻilon shahrida joylashgan “Yodgorlik” korxonasi faoliyati bilan tanishib, milliy hunarmandchilik mahsulotlarining tayyorlanish jarayonini koʻzdan kechirdi. Shuningdek, Fargʻona shahrida bunyod etilayotgan Ekoshahar bilan tanishuv ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida qad rostlayotgan 300 gektar maydonda joylashgan yangi shaharchada 70 gektarlik “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, 7-25 qavatli 300 ta koʻp qavatli uy va ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlar uchun kichik sanoat zonasi barpo etilmoqda. Oʻz navbatida turkiyalik mehmon viloyatdagi xususiy tibbiyot oliy taʼlim muassasasi va bu yerda talabalar uchun yaratilgan ilmiy-amaliy, diagnostika laboratoriyalarida yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazdi.

Tashrif rejasiga koʻra, Turkiya parlamenti deputati Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashdi. Muloqotda ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar tufayli soʻnggi yillarda oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, xususan, hududlararo keng qamrovli munsabatlarni yaxshilash istiqbollari koʻrib chiqildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.  

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер