Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yigʻilishi boshlandi
Foto: Xalq so‘zi
Ayni daqiqalarda Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammitining asosiy tadbiri, Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Tadbirda 5 ta aʼzo mamlakat - Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda 2 ta kuzatuvchi - Turkmaniston va Vengriya mamlakatlari rahbariyati ishtirok etmoqda.

Shuningdek, sammitda tashkilot Bosh kotibi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA) bosh kotibi, Xalqaro turkiy akademiya prezidenti v.b., Turkiy meros va madaniyat fondi prezidenti, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashi raisi ham qatnashmoqda.
Tadbirda tashkilot doirasida siyosiy-iqtisodiy, transport, madaniyat va turizm kabi sohalarda hamkorlikni yanada jadallashtirish hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Samarqand sammitida oʻndan ortiq hujjat imzo uchun kiritilishi rejalashtirilmoqda. Tadbirning asosiy hujjati bu - aʼzo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar boʻyicha mujassamlashgan pozitsiyalari oʻz ifodasini topgan Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti Deklaratsiyasidir. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma yondashuvlar belgilab berilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring