Turkiy davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlari Samarqandda

13:44 16 Avgust 2023 Siyosat
2966 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti sogʻliqni saqlash vazirlari yigʻilishi va Turkiy dunyo tibbiyot kongressi boshlandi.

Unda tashkilotga aʼzo sogʻliqni saqlash vazirlaridan tashqari Tatariston sogʻliqni saqlash vaziri ham ishtirok etmoqda.

Kongressni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov kirish soʻzi bilan ochib, bugungi tadbirning ahamiyati, maqsadi va erishilishi kutilayotgan natijalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Shundan soʻng Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev soʻzga chiqib, mehmonlarni ushbu nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutladi va kongress ishiga omad tiladi.

Kongressda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov soʻzga chiqib, bugungi tadbir Mavorounnahr zaminida tugʻilib-oʻsgan tib ilmining sultoni, zamonaviy meditsina asoschisi, buyuk bobokalonimiz Abu Ali Ibn Sinoning tavallud kunida oʻtkazilayotganini taʼkidladi.

Zero, alloma ajdodimiz anatomiya, psixologiya, farmakologiya, terapiya, xirurgiya, diagnostika, gigiyena kabi tibbiyotning qator yoʻnalishlari boʻyicha ilmlarni oʻz ixtirolari bilan boyitdi va yangi bosqichga olib chiqdi.

Uning ming yil avval kasalliklarni aniqlash, davolash va ularning oldini olish boʻyicha bergan koʻrsatmalari bugun ham oʻz ahamiyati, qadr-qimmati va dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq. Bunga butun insoniyat takror-takror guvoh boʻlmoqda.

Bugungi tadbirdan koʻzlangan maqsad turkiy xalqlar tabobatining noyob merosi, boy tajribasi va tarixiy anʼanalarini oʻrganish barobarida, zamonaviy va innovatsion tibbiyot yutuqlaridan birgalikda foydalanish hamda ularni keng ommalashtirishdir.

Forumda Ozarbayjon sogʻliqni saqlash vaziri Teymur Musayev ham soʻzga chiqib, Turkiy davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlarining navbatdagi yigʻilishini 2023-yil Turkiy dunyo madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan Shusha shahrida oʻtkazishni taklif qildi.

Shuningdek, tadbirda Qozogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Ajar Giniyat, Qirgʻiz Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Tilek Mamadaliyev hamda Tatariston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Marsel Minnullin soʻzga chiqib, hamkorlik istiqbollari haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Kongress davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер