Turizm — iqtisodiyotning muhim tayanchi

18:40 18 Iyul 2023 Jamiyat
853 0

Foto: Xalq soʻzi

Shunday mamlakatlar borki, faqat turizmdan tushayotgan daromad hisobiga kun koʻradi. Ishlab chiqarish imkoniyatlari cheklangan bunday mamlakatlarda sayyohlarga xizmat koʻrsatish tizimi rivojlanganligi sababli aholini ish bilan taʼminlash muammosi ham deyarli koʻzga tashlanmaydi.

Keyingi yillarda salohiyatli va boy sayyohlik imkoniyatiga ega boʻlgan mamlakatimizda ham bu soha taraqqiyotiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoniga muvofiq 2019-2025-yillarda mamlakatimizda bu sohani yanada rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.

Dasturga muvofiq xorijdan yurtimizga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun viza rejimi soddalashtirildi. Yurtimizda ularning boʻlishi uchun eng qulay qoidalar ishlab chiqildi. Bu borada mahalliy tadbirkorlik faoliyati ham keng yoʻlga qoʻyilyapti. Eng muhimi, turizm sohasi infratuzilmasi tobora zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil etilmoqda.

Maʼlumki, turistlar oqimini oshirish uchun zamonaviy qulayliklar yaratish talab qilinadi. Ayni paytda turistlarni kutib olish, joylashtirish, ularga oʻzlari tanlagan turizm sohalari boʻyicha sharoit yaratish zarur. Bu talablar yurtimizda keyingi yillarda zamon talablari asosida bajarilmoqda.

Globallashuv jarayoni, xalqaro axborotlar, aloqa va transport tizimining rivojlanishi bilan sohada yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, ilgari xorijdan tashrif buyurayotgan sayyohlarga yurtimizdagi qadimiy yodgorliklarni tomosha qilish, tanishish taklifi oʻrtaga tashlangan boʻlsa, ayni paytda ziyorat, milliy liboslar, milliy urf-odat va anʼanalar, tibbiyot, ekologiya singari yangi yoʻnalishlar keng yoʻlga qoʻyildi. Bu qulayliklar turistlar oqimining kuchayishiga ijobiy taʼsir etmoqda.

Betakror tabiatimiz, musaffo havo, totli va shifobaxsh mevalarimiz ham xorijiy turistlarning eʼtiboriga tushmoqda. Mamlakatimizda ichki turizm ham jadal rivojlanayotganligini taʼkidlash joiz. Oxirgi 5-6 yil mobaynida bu boradagi koʻrsatkichlar 4-5 barobar ortdi.

Samarqand nafaqat xorijiy turizm. Balki, ichki turizmning ham yirik markaziga aylandi. Shunga qaramasdan hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ham yoʻq emas. Mahalliy turistlarga xizmat koʻrsatishda zamonaviy servis talablari yaratilmagan. Hatto, ayrim ziyoratgohlar yonidagi avtomobil saqlash joylari torlik qilmoqda, sayyohlarga sharoit yaratishda koʻplab kamchilik va nuqsonlarga yoʻl qoʻyilayotganligi ham soha taraqqiyotiga toʻsiq boʻlishi mumkin. Masalan, ularni joylashtirish, ovqatlantirish tizimini qayta qurish vaqti yetib keldi.

Taʼkidlash joizki, turizm sohasini jadal rivojlantirish iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga nisbatan kamxarjdir. Agar, kam sarf-xarajatlar evaziga koʻproq ish oʻrinlari yaratilishi, valyuta tushumi ortishini koʻz oldimizga keltirsak sohani yanada rivojlantirishga jiddiy yondashuv talab qilinadi.

Asliddin Safarov,

Samarqand shahridagi Registon ansambli gidlar boʻlimi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер