Tuproq oʻzanli suv yoʻllari betonlashtirilmoqda
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, tuproq oʻzanli suv tarmoqlarida yil davomida obihayotning 30 foizi yerga singib, uning iqtisodiy jihatdan samarasiz ishlatilishiga olib keladi. Birgina Buxoro viloyati Olot tumani misolida olib qaralsa, bu kabi suv isrofgarchiligi yiliga 90 million kub metrni tashkil etadi.
Shunday ekan, ariq va kanallarni betonlashtirish orqali muammoga yechim topish mumkin. Tumandagi oʻnlab fermer xoʻjaligi va 1 ming 700 dan ziyod xonadon tomorqasini sugʻorishda asqatayotgan “Oq poʻlat” kanalini rekonstruksiya qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu: suv isrof boʻlmasin. Uning har qatrasi samara bersin. Shu maqsadda mazkur suv tarmogʻining uch kilometr uzunlikdagi qismi taʼmirlanib, betonlashtirilmoqda. Bu yumushlar uchun 4 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Bugina emas, tumandagi “Chandir”, “Saribozor”, “Yangi Soyinkanal” suv tarmoqlarida ham tozalash, rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
“Amu Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi masʼullarining taʼkidlashlaricha, viloyatda yirik kanallar va ichki suv tarmoqlarini beton qoplamaga oʻtkazish yuzasidan manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Shunga koʻra, 8 ta yirik irrigatsiya tarmogʻini betonlashtirish yumushlariga kirishilgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring