Tugʻilmagan farzandini savdoga qoʻygan onaga sud hukmi oʻqildi
Foto: Illustrativ surat
2021-yilda turmush oʻrtogʻi bilan ajrashgan uchqoʻrgʻonlik Shahlo Temirovaning (ism-sharifi oʻzgartirilgan) uch nafar farzandi boʻlib, toʻrtinchisiga homilador edi. Goʻyoki qornidagi goʻdak tugʻilsa, boqa olmasligini roʻkach qilib, dugonasi Zilolaga bola asrab olmoqchi boʻlgan oilalarni topishni aytadi. Hojatbaror dugona oradan koʻp oʻtmay, Shahloga Nigora ismli ayolni roʻpara qiladi. Ular Sh. Temirovaning onasi Sohiba Ahmedovaning uyida koʻrishib, hali dunyoga kelmagan chaqaloq narxini kelishib olmoqchi boʻladilar. Hayotda anchagina tajribasi boʻlgan 72 yoshli S. Ahmedova norasida evaziga bir xonadonli uy olib berishni soʻraydi. Xaridor bunga imkoni yoʻqligini bildirganidan keyin goʻdakning narxi tushiriladi. Bu safar bola evaziga bankdan olgan kredit qarzlarini uzish va ming AQSH dollari miqdorida pul berish taklif etiladi. Ikkinchi tomon shartga koʻnib, bir haftadan soʻng kelishilgan pulning yarmini berishini, qolganini esa bolani qoʻliga olganidan keyin toʻlashini taʼkidlaydi. Shu tariqa hali dunyoga kelmasdanoq oʻz onasi va buvisi tomonidan keraksiz bir buyum kabi sotib yuborilayotgan norasida ustidan bitim tuziladi.
Aytilgan kun yetib kelib, Shahlo Nigora bilan uchrashadi. Homilaning sogʻlomligi, rivojlanishi yaxshi ekani oydinlashgach, Nigora 500 AQSH dollari miqdoridagi pulni bolafurush onaga tutqazadi. Biroq tugʻilmagan jonning ustidan qilingan savdo oxiriga yetmaydi. Huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari Shahlo Temirovani ashyoviy dalillar bilan qoʻlga oladilar.
— Mazkur ishni koʻrib chiqishda masalaning barcha jihatlariga chuqur eʼtibor qaratildi, — deydi jinoyat ishlari boʻyicha Uchqoʻrgʻon tuman sudi raisi Sardorbek Abdusattorov. — Hali tugʻilmagan jigargoʻshasini pullamoqchi boʻlgan bemehr onaga boshlangʻich hisoblash meʼyorining 20 baravari - 5 million 400 ming soʻm miqdorida jarima va 2 yilu uch oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Qizining qingʻir ishiga sherik boʻlgan S. Ahmedova ham 4 million 50 ming soʻm jarima toʻlaydigan boʻldi.
Farzand insonga inʼom etilgan aziz neʼmat, moʻjiza. Uning qadriga yetmagan kishi kiradigan koʻchaning boshi hamisha berk boʻladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring