Transport tizimini raqamlashtirishda qanday muammolar bor?

19:28 10 Noyabr 2023 Jamiyat
409 0

Istalgan masofadan turib, maxsus mobil ilova yordamida temir yoʻl chiptalari yoki aviachiptani sotib olish imkoniyati yaratilganligi aksariyat yoʻlovchilar uchun yangilik emas.

Toshkent shahridagi jamoat transportida kontaktsiz bank kartalari yoki mobil ilovalardan foydalangan holda yoʻl haqini yigʻishning avtomatlashtirilgan tizimi (ATTO) joriy etilganiga ham qariyb uch yil boʻldi. Ayni paytda mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmogʻi hisoblangan transport tizimini raqamlashtirish, sohada yangidan-yangi dasturiy mahsulotlarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha hali ishga solinmagan imkoniyatlar yetarli va bu masala deputatlarning doimiy diqqat markazida.

Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan transport tizimini raqamlashtirish va sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha yangi islohotlar samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrganish ishlari yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishda qayd etildi.

Tadbirda quyi palata deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Transport vazirligi masʼullari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda respublikamizda transport sohasining boshqaruv tizimini takomillashtirish, transport tizimini raqamlashtirish, sohaga ilgʻor axborot texnologiyalarini joriy etish hisobiga transportning barcha turini integratsiya qilish hamda foydalanuvchilar uchun interaktiv xizmatlar koʻlamini kengaytirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yigʻilishda masʼul qoʻmita deputatlari tomonidan transport tizimi korxonalarida axborot texnologiyalari keng joriy etilishini tartibga solishga qaratilgan qonun va qonunosti hujjatlarning joylardagi ijrosi nazorat-tahlil faoliyati doirasida oʻrganilgani qayd etildi.

— Prezidentimizning tegishli Farmon va qarorlarida belgilab berilgan milliy transport tizimiga joriy etilayotgan raqamlashtirish ishlarining xizmatlar samaradorligiga ijobiy taʼsiri deputatlar ishtirokida joyiga chiqqan holda oʻrganildi va baholandi, — deydi Qonunchilik palatasi deputati Umid Jabborov. — Transport vazirligi huzurida tashkil etilgan “Raqamli transport” markazi hamda poytaxtning butun hududi boʻyicha harakatlanayotgan transport turlari va avtomobil yoʻllarini onlayn kuzatish imkoniyatini beruvchi Situatsion markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Mazkur markazlarda yaratilgan sharoitlar, ulardagi dispetcherlik markazlarining zamonaviy kompyuterlar, aloqa va axborot texnologiyalari bilan taʼminlanish darajasi, ishga tushirilgan axborot-maʼlumot dasturlarining samaradorligini oʻrgandik. Oʻrganishlarimiz davomida sohani raqamlashtirishda koʻplab ishlar amalga oshirilganligi bilan bir qatorda, yechimini kutayotgan masalalar ham mavjudligi aniqlandi.

Xususan, “Boeing” kompaniyasi havo kemalariga IT-yoʻnalishida zamonaviy xizmat koʻrsatishni tashkil qilish boʻyicha Oʻzbekistonda joriy etilgan “e-Enabling” tizimi samaradorligi, shuningdek, temir yoʻllar tizimida joriy etilgan sunʼiy intellektdan (AI) foydalangan holda meʼyordan ortiq yuk ortilgan vagonlarni aniqlovchi yangi axborot tizimining imkoniyatlari yuqori baholandi. Ayni paytda jamoat transportining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijrosi kechikib bajarilayotganligi tanqid qilindi. Bundan tashqari, deputatlar tomonidan dispetcherlik markazlarining zamonaviy kompyuterlar hamda internet aloqasi va qoʻshimcha axborot vositalari bilan taʼminlanish darajasi qoniqarli emasligi qayd etildi.

Shuningdek, yigʻilishda jamoat transporti ustuvorligi taʼminlangan holda infratuzilmani rivojlantirish va aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini oshirishga xizmat qiladigan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taklif-tavsiyalar bildirildi.

Qizgʻin muhokamalar yakunida ushbu yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер