Tramp Eronga hujumlarni qayta boshlashni koʻrib chiqmoqda
Arxiv foto
AQSH prezidenti Donald Tramp Hoʻrmuz boʻgʻozida eʼlon qilingan dengiz blokadasidan tashqari, Eronga cheklangan hujumlarni qayta boshlashni koʻrib chiqmoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar bermoqda.
“Tramp va uning maslahatchilari tinchlik muzokaralaridagi boshi berk koʻchaga kirishni toʻxtatish uchun AQSHning Hoʻrmuz boʻgʻozini blokada qilishidan tashqari, Eronga cheklangan harbiy hujumlarni qayta boshlashni koʻrib chiqmoqdalar”, — deyiladi nashr eʼlon qilgan maqolada.
Nashrda taʼkidlanishicha, bu AQSH rahbari 12-aprel kuni Pokistondagi muzokaralardan bir necha soat oʻtgach koʻrib chiqqan variantlardan biri. Maqolada qoʻshimcha qilinishicha, Tramp toʻliq koʻlamli bombardimon kampaniyasini qayta boshlashi mumkin, ammo manbalarga koʻra, bu mintaqaning yanada beqarorlashishi va prezidentning uzoq davom etgan harbiy mojarolarga aralashishni istamasligi tufayli ehtimoldan yiroq.
Bir kun oldin Oq uy rahbari Hoʻrmuz boʻgʻozini blokada qilishni eʼlon qildi. Uning taʼkidlashicha, AQSH harbiylari undan foydalanishga urinayotgan har qanday kemalarni toʻxtatadi.
Ushbu hafta oxiri Pokistonda AQSH bilan boʻlib oʻtgan muzokaralardan soʻng, Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bagʻayi ikki tomon bir nechta muhim masalalar boʻyicha kelishmovchiliklarga duch kelganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, suhbat ishonchsizlik muhitida oʻtgan va bu safar hech kim kelishuvga erishishni kutmagandi.
“Reuters” agentligining xabar berishicha, ikki tomon Hoʻrmuz boʻgʻozi, yadroviy masalalar, tovon puli, sanksiyalar va mojaroga chek qoʻyish masalalarini muhokama qilishdi. Avvalroq, Eronning oʻn banddan iborat rejasi kelajakdagi kelishuvning asosini tashkil qilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring