Tojikistonda jamoatchilik joylarida niqobsiz yurganlarga qanday jazo koʻzda tutilgan?
Kecha Prezident Emomali Rahmon ilgari mamlakat parlamenti palatalari tomonidan qabul qilingan bir qator qonunlarga kiritilgan tuzatishlarni imzoladi, deb xabar beradi Tojikistonning “Xovar” axborot agentligi.
“Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksi hamda Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar COVID-19 kasalligi tarqalishining oldini olish va xalq salomatligini yaxshilashga qaratilgan, shuningdek, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi qoidalarni, shu jumladan karantinni cheklovchi choralar talablarini buzgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazo koʻzda tutilgan”, - deydi “Xovar”.
Tasdiqlangan oʻzgartirishlarga koʻra, jamoat joylarida himoya niqobini taqmagan fuqarolarga nisbatan 116 somoniydan 290 somoniygacha (bu 11,6 dan 29 AQSH dollarigacha toʻgʻri keladi) jarima qoʻllaniladi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus pandemiyasi toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumot tarqatgan jismoniy shaxslar 580 somoniydan (taqriban 58 dollar atrofida), yuridik shaxslar esa – 11, 6 ming somoniygacha (1160 dollar) jarimaga tortiladi.
Oʻzgartirishlar davlat ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Soʻnggi bir kun ichida Tojikistonda COVID-19 bilan kasallangan 51 ta yangi holat qayd etilgan. Mamlakatda ushbu kasallikka chalinganlar soni 6159 kishiga yetgan. Shundan 4809 nafari (77,9%) sogʻaygan, 52 bemor vafot etgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring