Tojikistonda ilk bor bolalarni pnevmokokk infeksiyasiga qarshi emlash boshlandi
Illyustrativ foto
Tojikistonda bugun, 1-noyabrdan boshlab mamlakatda birinchi marta bolalarni pnevmokokk infeksiyasiga qarshi emlash boshlandi.
Tojikiston sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, dastlab ikki oylik bolalar birinchi dozani qabul qiladi.
Pnevmokokk infeksiyasiga qarshi barqaror immunitetni toʻliq taʼminlash uchun har bir bola ushbu vaksinaning uch dozasini olishi kerak. Milliy emlash taqvimiga koʻra, bolalar 2, 4 va 12 oyliklarida pnevmokokk kasalligiga qarshi emlanadi.
Qayd etilishicha, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan yosh bolalar oʻrtasida meningit, sepsis va pnevmoniyaning ogʻir holatlarini kamaytirish maqsadida Milliy emlash taqvimiga pnevmokokkga qarshi vaksinani kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Pnevmokokk infeksiyalari meningit, sepsis va pnevmoniya kabi ogʻir invaziv kasalliklar, shuningdek, otit, sinusit va bronxit kabi yengil kasalliklarning koʻpayishiga yordam beradi.
Bugungi kunga qadar pnevmokokkga qarshi vaksina dunyoning 161 mamlakatida qoʻllanilmoqda. Tojikiston ushbu roʻyxatda 162-davlatga aylanadi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyoda 5 yoshgacha boʻlgan 500 000 nafardan ortiq bolalar pnevmokokk kasalligidan vafot etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring