Toshloqdagi ekoturistik markazni okean ortida ham bilishadi
Foto: Xalq so‘zi
Bugun dunyoda tibbiyot, ilm-fan, texnika va texnologiyalar jadal rivojlanib, insoniyatning turmush farovonligi, oʻrtacha umr koʻrish darajasi sezilarli darajada oshdi. Ammo Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga qaralganda, sayyoramizda hayot sifati yaxshilanishi, ekologik muvozanat buzilishi ortidan oʻnlab yangi kasalliklar paydo boʻldi, koʻplab kasalliklar yoshardi, asab, yurak-qon tomir, ortiqcha vazndan kelib chiqadigan xastaliklar koʻpaydi.
Bunday murakkab sharoitda tabiat neʼmatlaridan foydalanish, sogʻlom turmush tarziga rioya etib yashash muhim ahamiyatga ega. Fargʻona viloyati Toshloq tumaniga qarashli Zarkent qishlogʻida tashkil etilgan ekoturistik markaz xalqimizning ana shu ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.
Markaz qoshida “Vodiy tuyalari” fermer xoʻjaligi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu yerda yuzdan ortiq tuyalar parvarishlanmoqda. Markazda 35-40 oʻrinli sihatgoh, UZI-diagnostika, laboratoriya tashkil etilgan va bu yerga keluvchilarga xalq tabobati usulida xizmat koʻrsatiladi.
— Ibn Sino tabiri bilan aytganda, tabiatni anglamay, ruh va ongni davolamay turib, tanani davolab boʻlmaydi, — deydi Oʻzbekiston tibbiy-ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchilar Tabobat akademiyasi aʼzosi, ekoturistik markaz rahbari Odiljon Homidov. — Notoʻgʻri ovqatlanish, shakar, tuz, energetik qiymati yuqori mahsulotlarni meʼyoridan ortiqcha isteʼmol qilish turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omil boʻlib qolmoqda.
Shu bois markazda tuya minib tabiat qoʻynida sayr qilish, badantarbiya, meva-sabzavotlar sharbati, quritilgan mevalar tavsiya etiladi. Bu yerda Fargʻona vodiysidan tashqari mamlakatimizning koʻplab viloyatlari, qoʻshni Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, hatto Janubiy Koreya, Misr, AQSHdan ham bemorlar kelib davolanib ketishmoqda.

Naslli tuyalar Qoraqalpogʻiston, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarining choʻl-dasht hududlaridan olib kelingan. Ularning asosiy ozuqasi boʻlgan yantoq qoʻshni Namangan viloyati choʻllaridan olib kelinadi. Qish mavsumida bitta tuyadan oʻrtacha 1,5-2, yozda 3,5-4 litr sut sogʻib olinadi.
— Tabobat akademiyasi tomonidan tez-tez malaka oshirish kurslari tashkil etilib, jahon tibbiyoti va tabobatidagi yangiliklar, kasalliklar boʻyicha yangi davo choralari va qoʻllanmalar borasida bilimimiz oshirib boriladi, — deydi O. Homidov. — Yanvar oyining ikkinchi yarmida navbatdagi mahorat saboqlari uchun Toshkentda yigʻilishimiz rejalashtirilgan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti kuniga 400 grammdan kam boʻlmagan miqdorda meva va sabzavotlar isteʼmorl qilishni tavsiya etadi. Har kuni oʻrtacha 4-5 km piyoda yurishni uzoq umr koʻrish va sogʻlom hayot garovi sifatida eʼtirof etiladi. Ayni jihatlarni inobatga olib, ekoturistik markazda mevali bogʻlar boʻylab sayohatlar uyushtirish, tabiat manzaralari qoʻynida piyoda sayr qilish yoʻlaklarini kengaytirish, baliq ovlash va parhezbop baliq mahsulotlari isteʼmoli singari tarmoqlarni rivojlantirish koʻzda tutilmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring