Toshkentda Sudyalar milliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi

14:39 18 Noyabr 2023 Jamiyat
256 0

Poytaxtimizda ikki kun davom etgan tadbirning birinchi kuni ishtirokchilar sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan protsessual kodekslarga kiritilgan yangiliklar, konstitutsiyaviy normalarni sudlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash amaliyoti, maʼmuriy, jinoiy, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda odil sudlovni amalga oshirishning dolzarb masalalari haqida keng qamrovli maʼruzalar va sermazmun taqdimotlar bilan tanishdi.

Bugun esa sudyalarning maʼnaviyati, odobi va masʼuliyati haqida hamda sudlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, sud ish yurituvini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari Robaxon Mahmudova konferensiya ishini yakunlar ekan: “Boʻlib oʻtgan milliy konferensiyamiz sud qarorlarini tekshirish bosqichlarini takomillashtirish munosabati bilan protsessual kodekslarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilayotgan paytda, yaʼni sudlar faoliyatida boshlanayotgan yangi davr ostonasida boʻlib oʻtganligini yana bir bor eʼtirof etish lozim. Ushbu jarayonga barchamiz – eng asosiysi qoʻyi va oʻrta boʻgʻindagi sudlar raislari, sudyalar va xodimlar har tomonlama tayyor boʻlishlari lozim. Buning uchun, bugundanoq barchamiz oʻz ustimizda yanada koʻproq ishlab, yangiliklarni chuqur oʻrganishimiz, ularning mazmun-mohiyatini barcha hamkasblarimizga, fuqaro va tadbirkorlarga tushuntirishimiz zarur. Chunki, ish yurituvimizda muddat yoki qoidalarning buzilishiga, har qanday xatolikka yoʻl qoʻyishga haqimiz yoʻq. Zero, boshqalar, xoh u yurist boʻlsin, xoh fuqaromi – qonunni va uni toʻgʻri qoʻllashni birinchi oʻrinda sudlardan oʻrganadi va namuna oladi”, — deya taʼkidladi.

Shuningdek, barchani oʻz faoliyatida adolatni oʻrnatish bilan birgalikda, fuqarolarni huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularni huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni asosiy mezon sifatida boʻlishiga chaqirib, "buning uchun, qonunlar buzilishi bilan bogʻliq har qanday holatga murosasiz munosabatda boʻlish, fuqaro va tadbirkorlarni dardini va kayfiyatini tushunish lozim. Sudya va sud xodimlari har kimdan koʻra malakali, bilimli, madaniyatli va odobli boʻlishga majbur va bu borada barchaga ibrat boʻlishimiz kerak deb, hisoblayman. “Ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirib, ilk bor tayinlanayotgan sudyalarni qullab-quvvatlashimiz, ularga toʻgʻri yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatib borishimiz lozim. Sud tizimida faoliyat koʻrsatayotgan barcha xodimlarni oʻz ustilarida tinimsiz ishlashga, sudyalikdek sharafli kasbni egallashga yoʻnaltirib, yetuk va munosib kadrlarni oʻstirib borishimiz kerak. Ishonchim komilki, ushbu maqsad va vazifalarni bir yoqadan bosh chiqarib, birgalikda va hamjihatlikda amalga oshirsak, albatta sudlar obroʻsini yuksaltirish, aholining odil sudga boʻlgan ishonchini oshirishga erishamiz”, — dedi R. Mahmudova.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер