Toshkentda quvur yorilishi oqibatida 3 kishi jabrlangan — FVV
Bugun, 10-iyul Toshkent shahar Shayxontohur tumani Farobiy koʻchasidan oʻtgan D-800 millimetrli issiqlik taʼminoti quvurida bosim ostida suv quvurining yorilishi hodisasi sodir boʻlgani haqida xabar berilgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisa yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, ushbu holat rejaviy tadbir asosida oʻtkazilgan kommunal tarmoqdagi issiq suv tarmogʻini bosim ostida tekshirish jarayonida yuzaga kelgan.
Hozirda issiqlik suv quvuridagi ushbu hodisa kommunal-texnik avariya-tiklash brigadasi kuch va vositalari bilan bartaraf etilib, nosozlik oqibatlarini tugatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Voqea joyiga Toshkent shahar FVB, SSB va kommunal soha tashkilotlari masʼullari hamda kuch va vositalari jalb qilingan.
Hodisa oqibatida 3 nafar fuqaro yengil tan jarohati olgan va ularga voqea joyida tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam koʻrsatilgan. Ularni shifoxonaga olib borishga ehtiyoj boʻlmaganligi sababli, oʻz uylariga ruxsat berilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring