Toshkentda qoidabuzarligi bilan faxrlanishini aytgan 10 sutkaga qamaldi

16:54 27 Fevral 2026 Jamiyat
619 0

Toshkent shahrida “Uzbelas Performance” tyuning atelyesi rahbari Asadbek Jumayevning joriy yilning yanvar oyida yoʻl qoidabuzarligida ayblangani, ammo bundan osongina qutilib qolgani bilan faxrlanishini aytgan intervyusi keng muhokamalarga sabab boʻldi. Shundan soʻng mazkur video-intervyu Bosh prokuratura tomonidan oʻrganib chiqildi.

Aniqlanishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani sudining 2026-yil 16-yanvardagi qaroriga asosan A.Jumayev Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va (yoki) videotasvirini ularning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida, yaʼni 8,4 mln soʻm jarimaga tortilgan.

Oʻrganish natijalariga koʻra, holatga xolis huquqiy baho berish maqsadida kecha, 26-fevral kuni Mirzo Ulugʻbek tumani prokuraturasi tomonidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga protest kiritilgan.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning maʼlum qilishicha, bugun, 27-fevral kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida A.Jumayevga oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish kassatsiya tartibida koʻrib chiqilib, birinchi instansiya sudining jarima solish haqidagi qarori bekor qilingan.

Toshkent shahar sudining qaroriga muvofiq Asadbek Jumayevga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) bilan 10 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер