Toshkentda noqonuniy tarzda psixotrop vositalari savdosi bilan shugʻullangan dorixona ishchilari aniqlandi
11 va 12-mart kunlari Toshkent shahar IIBB xodimlari Yunusobod tumanida noqonuniy tarzda psixotrop vositalari savdosi bilan shugʻullangan dorixona ishchilarini aniqlashdi.
Yunusobod tumani Bogʻishamol koʻchasida joylashgan “FARM KARDIO PLUS” masʼuliyati cheklangan jamiyatga tegishli dorixonada, surxondaryolik 48 yoshli Shokirjon K. ismli dorixona mudiri tegishli ruxsatsiz kuchli taʼsirga ega psixotrop dori vositalarini sotgan.
Tekshiruv davomida dorixonadan 73 ta “Regapen” va 139 ta “Tropikamid” dorisining tegishli hujjatlari boʻlmaganligi bois, ular ashyoviy dalillar sifatida musodara qilindi.
Shu tumanning Obod koʻchasida joylashgan “QUDRATILLA BARAKA SAVDO” MCHJga tegishli yana bir dorixonada 38 yoshli Dilfuza Z. va Toshkent viloyatilik 23 yoshli Dilfuza A.lar kuchli taʼsirga ega va psixotrop vositalarni tegishli ruxsatsiz sotishgan.

Dorixona tekshiruvi davomida ashyoviy dalillar sifatida 494 ta “Karbamezapin”, 9 ta “Selofen”, 207 ta “Regapen” va 120 ta “Tropikamid” topilib, olib qoʻyildi.
IIBB xabariga koʻra, hozirgi vaqtda topilgan ashyoviy dalillarning manbaini aniqlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring