Toshkentda “Neft va gaz – 2026” XIX anʼanaviy ilmiy konferensiyasi boʻlib oʻtdi
Shu yilning 18-20-fevral kunlari Toshkent shahrida “Neft va gaz – 2026” XIX anʼanaviy talabalar ilmiy konferensiyasi oʻtkazildi. Unda 130 nafardan ziyod iqtidorli talabalar, yosh olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Mazkur konferensiya 10 ta tematik yoʻnalishni qamrab olib, unda neft-gaz sanoatining bugungi kundagi eng dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar quyidagi yoʻnalishlarda oʻz ishlanmalarini namoyish etdi:
- Neft va gaz konlarining geologiyasi, qidiruv va razvedka ishlari;
- Neft va gaz konlari hamda yerosti gaz omborlarini ishlab chiqish;
- Quduqlarni burgʻilash;
- Quvur transporti tizimlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish;
- Neft-gaz majmuasida muhandislik va amaliy mexanika;
- Neft va gaz sanoatida kimyoviy texnologiyalar va ekologik xavfsizlik;
- Neft-gaz kompaniyalari iqtisodiyoti, mehnat va personalni boshqarish;
- Neft-gaz sohasida gumanitar fanlar va PR;
- Ilmiy maʼruzalarni ingliz tilida taqdim etish;
- Oliy taʼlimgacha yoʻnalish: tabiiy fanlar, informatika va AKT, gumanitar fanlar, ekologiya.
Anjuman avvalida I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha direktor oʻrinbosari Davlatboy Jumaboyev ushbu konferensiyaning ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdi.
“Bu konferensiya shunchaki rasmiy tadbir emas, balki neft-gaz sohasining dolzarb masalalari muhokama qilinadigan haqiqiy ilmiy maydondir. Talabalarimizning global transformatsiyaga tayyor ekani va zamonaviy fikrlayotgani bizni quvontiradi“, — deya taʼkidladi Davlatboy Jumaboyev.
Anjuman yakunida nafaqat eng yaxshi maʼruza mualliflari, balki oʻtgan yil davomida yuqori natija koʻrsatgan yoshlar ham ragʻbatlantirildi.
Iqtisodiyot yoʻnalishi 3-bosqich talabasi Asqarova Mumtozmahalning soʻzlariga koʻra, bunday ragʻbatlantirish tizimi talabalarni yanada koʻproq izlanishga va oʻz ustida ishlashga undaydi.
Bundan tashqari, tadbir tashkilotchilarning maʼlum qilishicha, anjumanda saralab olingan eng yaxshi ilmiy maqolalar maxsus toʻplam holida nashr etiladi. Konferensiya nihoyasida bu kabi tadbirlar energetik transformatsiya sharoitida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim platforma boʻlib xizmat qilishi qayd etildi.
Mashhura ALIMARDON, “Xalq soʻzi“.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring