Toshkentda metro poyezdida nosozlik sabab tutun chiqdimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Paxtakor metro bekatida poyezd nosozlik kuzatilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan “Toshkent metropoliteni” maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, bugun, 14-aprel kuni soat taxminan 12:50 atrofida Paxtakor metro bekatiga kirib kelgan 27-sonli 1985-yilda ishlab chiqarilgan harakat tarkibida texnik nosozlik aniqlangan.
Amaldagi yoʻriqnomalarga muvofiq, yoʻlovchilar va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida barcha yoʻlovchilar bekatga tushirilgan hamda harakat tarkibi texnik koʻrik yoʻlagiga yuborilgan.
Shundan soʻng, yoʻnalishdagi uzluksiz harakatni taʼminlash maqsadida 3 daqiqa vaqt ichida zaxira poyezdi yoʻnalishga chiqarilgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda taʼkidlangan tutun chiqqani boʻyicha yozilgan xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yoʻlovchilardan uzr soʻraymiz”, — deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring