Toshkentda metro poyezdi vagoni eshigi ochiq holda harakatlandi (+video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrosida poyezd vagoni eshigi ochiq holda harakatlangani aks etgan videotasvirlar keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan “Toshkent metropoliteni” maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, kecha, 14-aprel kuni soat taxminan 12:53da “Alisher Navoiy” metro bekatidan harakatlanishi rejalashtirilgan 34-sonli harakat tarkibida yoʻlovchilar qabul qilingandan soʻng mashinist Sh.A. Abilkasimov tomonidan eshiklarni yopish buyrugʻi berilganiga qaramasdan, uchinchi vagonning birinchi eshigi toʻliq yopilmagan.
Shunga qaramay, mashinist “Oʻzbekiston” metro bekati tomon harakatni davom ettirgan. Harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida poyezd bekatda toʻxtatilib, yoʻlovchilar tushirilgan hamda harakat tarkibi texnik koʻrik yoʻlagiga olib ketilgan.
Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, mashinist Sh.A. Abilkasimovga nisbatan qatʼiy intizomiy chora koʻrilishi belgilangan.
“Yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifa hisoblanadi va bunday holatlarning oldini olish boʻyicha qoʻshimcha nazorat choralari kuchaytirilmoqda. Keltirilgan noqulayliklar uchun yoʻlovchilardan uzr soʻraymiz”, — deyiladi bayonotda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring