Toshkentda “kredit supermarketi“ ochildi
Poytaxtimizda Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazi ochildi. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Oʻzsanoatqurilishbank“ ATB, tashabbusi bilan ish boshlagan mazkur markaz Prezidentimizning oʻtgan yil dekabr oyida Toshkent shahri tumanlariga tashriflari davomida qoʻygan vazifalar ijrosi doirasida bajarilgan ishlar samarasidir.
Markazning asosiy vazifasi mahalliy tadbirkorlar va chet ellik investorlarning investitsiya faoliyati hamda ularning loyihalarini moliyalashtirishga koʻmaklashish hisoblanadi. Bu yerda xizmatlar “yagona darcha“ tamoyili asosida yuritilib, biznes rejalar, texnik iqtisodiy asoslanishlarini ishlab chiqishda, moliyalashtirish mexanizmlarini, manbalarini aniqlashda yordam beriladi.
Bundan tashqari, markazda xorijlik sarmoyadorlarga oʻzlari uchun har tomonlama maqbul boʻlgan loyihalarni tanlashga va ularga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni kiritishga ham koʻmaklashiladi. Loyiha samaradorligini oshirishda yuzaga keladigan muammolarni mahalliy hokimliklar, tegishli idoralar bilan birgalikda hal etilishiga eʼtibor qaratiladi.
Shundan kelib chiqib, mazkur markazni tadbirkorlar va xorijiy investorlarga “kredit supermarketi“ sifatida xizmat qiladi, desak xato boʻlmaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring