Toshkentda katta miqdordagi psixotrop moddalar savdosi bilan shugʻullangan shaxs qoʻlga olindi
Toshkent shahrida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona idoralari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida istiqomat qiluvchi, 1992-yilda tugʻilgan shaxsning Yangihayot tumanidagi ijaradagi yashash xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan.
Koʻzdan kechirish jarayonida xonadonda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 16 ming 249 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.
Maʼlum boʻlishicha, u muqaddam “Telegram” messenjeri orqali savdo qiluvchi shaxs tomonidan Sergeli tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan ushbu dori vositalarini olib, kelgusida mijozlarga sotganidan soʻng, narkosavdogarga 16 ming AQSH dollari berishi kerak boʻlgan.
Hozirda dorifurush fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251-1 moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Maʼlumot uchun, “Zardeks” dori vositalari tarkibida “Pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi mavjud boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi 818-son qaroriga muvofiq, “Pregabalin” moddasi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar turkumiga kiradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring