Toshkentda ichida 560 ming dollar boʻlgan seyfni oʻmarganlar ushlandi
Videodan kadr
Toshkent shahri Mirobod tumanida tashkilot idorasidan ichida 560 ming dollar boʻlgan seyf oʻgʻirlab ketildi. Bu haqda poytaxt IIB xabar qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 22-iyun kuni tungi soat 02:20 larda Toshkent shahrining Mirobod tumanida ikki nafar fuqaro tashkilot idorasiga kirib, direktorning xonasidan ichida turli hujjatlar, 2 ta fleshkarta va 560 ming dollar boʻlgan seyfni oʻgʻirlab ketgan.
Ular seyfni dastlab derazadan koʻchaga uloqtirgan, shundan soʻng “Gentra” rusumli avtomobiliga ortib, olib ketishgan. Seyf fuqarolardan birining xonadoniga olib borilib, maxsus anjomlar yordamida kesish yoʻli bilan ochilgan. Talonchilar pullarni olgach, dalillarni yashirish maqsadida seyfni shahar hududidan oqib oʻtuvchi kanallardan biriga choʻktirib yuborgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida oʻgʻrilikni sodir etganlar fuqarolarning shaxsi aniqlangan. Soʻng gumonlanuvchilardan biri Andijon shahrida qarindoshining uyida ushlanib, poytaxtga olib kelingan.
Yana bir shaxs esa oʻgʻirlangan pullarning bir qismiga “Honda” rusumli mototsikl sotib olib, Qirgʻizistonga qochishga uringan, biroq Andijondagi mehmonxonada qoʻlga tushgan. Gumonlanuvchilarda shuningdek yana 440 ming dollar borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring