Toshkentda hokim yordamchisi fuqarolarning 635 mln soʻm kredit pullarini “yeb yubordi”
Illyustrativ foto
Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi fuqarolar nomiga 635 mln soʻm kredit rasmiylashtirib, pullarni oʻzlashtirib yubordi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hokim yordamchisi 20 nafar fuqarolarga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan, qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalanib, jami 427,7 mln soʻmlik kredit mablagʻlarini qoʻlga kiritib, oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
U shuningdek, oʻzining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqaroga mahalla hududida yashamagan boʻlsada, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 mln. soʻm miqdoridagi kredit mablagʻlari ajratilishiga erishib, mazkur pullarni ham oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Prokuraturaga koʻra, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring