Toshkentda giyohvandlik va psixotrop moddalar sotiladigan Telegram-bot aniqlandi
Toshkentda giyohvandlik va psixotrop moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi, 1 538 nafar obunachiga ega boʻlgan Telegram-bot — “narkopoʻkon“ faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tezkor tadbir davomida ushbu noqonuniy savdo tashkilotchisi — 23 yoshli yigit qoʻlga olindi. Uning yashash joyi koʻzdan kechirilganda quyidagilar topildi:
Koʻk izolenta bilan oʻralgan 14 ta oʻram (ichida oq rangli kukunsimon modda boʻlgan zip-paketlar);
Gashish solingan katta shaffof paket va boshqa turdagi giyohvandlik moddalari;
Ikki oʻram izolenta, koʻp miqdordagi magnitlar va zip-paketlar.
Shuningdek, tezkor tadbirlar davomida ushbu onlayn-doʻkon orqali sotib olingan giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni yetkazib berish (kuryerlik) bilan shugʻullangan yana ikki nafar fuqaro aniqlanib, qoʻlga olindi.
Operatsiya davomida jami yettita manzil tekshirildi. Natijada jami 15 gramm mefedron, 50 gramm gashish, kannabis moyi asosida tayyorlangan 21 gramm modda, uchta mobil telefon va bitta noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring