Toshkentda beton qoplama bilan oʻralgan daraxtlarni betondan tozalash boʻyicha ekoaksiya boshlandi

15:39 21 Aprel 2023 Siyosat
1236 0

Foto: «Халқ сўзи»

2023-yil 20-apreldan Toshkent shahrida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan “Daraxtlarni asraylik” ekoaksiyasi boshlandi. Aksiya doirasida Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi betonlangan va asfaltlangan daraxtlar qutqariladi, daraxtlardagi reklama bannerlari va yorugʻlik beruvchi plastik buyumlar olib tashlanadi.

Tadbirda Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Baxtiyor Rahmonov hamda tuman va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 4 ta sektor, tumanlar hududiy tuzilmalari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekofaollar ishtirok etdi.

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov oʻz nutqida mazkur tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad betonlangan yoki asfaltlangan daraxtlarning poydevorini ochish va ularning bardavomligini taʼminlash ekanini alohida taʼkidladi.

“Bugun shahrimizda koʻplab daraxtlarning beton yoki sunʼiy qoplamalar bilan oʻralganligini koʻrish mumkin. Bu daraxtlarning ildizlariga havo kirishini kamaytiradi, nobud boʻlish xavfini keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, tungi yorugʻlik moslamalarini oʻrnatish orqali daraxtlarga zarar yetkazish holatlari ham uchrab turibdi, bu ularning tabiiy rivojlanish jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, – dedi A.Abduhakimov. – «Daraxtlarni asraylik” ekoaksiyasi mavjud daraxtlarni beton va asfalt qoplamasidan, plastik yoritkichlardan (gulchalar, lampochkalar) va reklama bannerlaridan ozod qilishga qaratilgan. Tabiat resurslari vazirligi tomonidan @ecogovuz_bot Telegram boti orqali aholidan kelgan murojaatlar yigʻilib, daraxtlarning tabiiy oʻsishi jarayoniga xalaqit berayotgan muammolar obodonlashtirish boʻlimlari va faollar bilan birgalikda bartaraf etiladi».

Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi inspektorlari tomonidan 11 ta yirik yoʻl chetida monitoring ishlari olib borilganda 250 turdagi manzarali va mevali daraxtlarning poydevori betonlanganligi aniqlangan. Ekoaksiya doirasida barcha holatlar bartaraf qilinadi. Bu aksiya Oʻzbekistonning barcha hududlarida davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер