Toshkent viloyati va Janubiy Koreya oʻrtasida memorandumi imzolandi
Bugun Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Janubiy Koreya Respublikasining Jeollanam-do provinsiyasi deputatlar kengashi raisi Seo Dong-wook bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida, uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda viloyat hokimining oʻrinbosarlari Najmiddinxoʻja Sharipov va Otabek Sultanbekov, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi kotibiyat mudiri Otabek Anarov, tegishli mutasaddilar hamda Jeollanam-do provinsiyasi Kengashining 14 nafar delegatsiya aʼzolari qatnashdi.
Viloyat hokimi Koreyalik delegatlarga oʻtkazilayotgan mazkur muzokaralar har ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishi yoʻlida xizmat qilishini bildirib oʻtdi. Shuningdek, yurtimizda Kengash deputatlarining vakolatlari kundan-kun ortib borayotgani, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qabul qilinganligi va mohiyati, asosiy maqsad davlat siyosatiga xalqning aralashuvi ekanligi, aloqalar natijasi sifatida hozirgi kunda viloyatda Koreya Respublikasi hamkorligida 98 ta kelishuvlarga erishilganligi, xususan, yaqin kunlarda tibbiyot, ijtimoiy va qurilish yoʻnalishlarida bitimlar imzolangani, viloyatda faoliyatini boshlagan 12 ta oliy taʼlim muassasalarida jami 50 ming talaba tahsil olib kelayotgani toʻgʻrisida batafsil toʻxtaldi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda tadbirkorlar va chet ellik investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, mahalliy kengashlarga berilgan bir qancha vakolat va imtiyozlar xususida ham taʼkidlandi.
Jeollanam-do provinsiyasi deputatlar kengashi raisi Seo Dong-wook 2018-yildan buyon har ikki davlat oʻrtasida vizasiz qatnov tizimi yoʻlga qoʻyilganligi xalqaro munosabatlarni yanada yaxshilanishiga xizmat qilganini aytib, bugungi kelishuvlarda Oʻzbekiston va Koreya maktablarida oʻqituvchilar tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalalari boʻyicha takliflarini bildirdi.
Takliflar yuzasidan maktablarning oʻqituvchilari tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, Oqqoʻrgʻon monomarkazida koreys tili oʻrgatiladigan qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil qilishga kelishib olinib, ikki tomon oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring