Toshkent shahrida “Yangi yil sovgʻalari” koʻrgazmasi tashkil etildi

18:18 19 Dekabr 2023 Jamiyat
839 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Poytaxtimizda “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “Yangi yil sovgʻalari” Respublika hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazma savdosi tashkil etildi.

Milliy qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etgan hunarmandchilik namunalari har bir kishida oʻzgacha zavq va shavq uygʻotadi. Ayniqsa, xorijdan kelgan mehmonlarning serjilo atlas, adras va boshqa zargarlik,qoʻl mehnati buyumlariga qiziqishi juda yuqori. Koʻrgazmadan koʻzlangan asosiy maqsad ham xalqimizning qadimiy va milliy osori atiqalarini, zargarlik hamda kashtachilik, qolaversa qoʻl mehnati bilan yaratilgan turli buyumlarni bugungi avlod koʻz oʻngida namoyon etish hamda xorijlik mehmonlarni milliy madaniyatimiz namunalari bilan tanishtirishga qaratilgan.

Binobarin, koʻrgazma orqali koʻp asrlar davomida yaratilgan bebaho maʼnaviy va madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizni dunyoga tanitish boʻlsa, boshqa tarafdan sohani rivojlantirish, hunarmandlarga yangi bozorlarga kirib borishlariga koʻmaklashish asosiy vazifadir.

— Bunday yarmarkalar bizning eng nufuzli bozori chaqqon joylarda tashkillashtirilyapti. Bunga sabab koʻrgazmaga faqatgina mahalliy aholini emas, balki chet ellik mehmonlarni ham jalb qilishga qaratilgan, — deydi Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi oʻrinbosari Bobur Mansurov. — Xorijdan kelgan sayyohlar faqat tomosha qilish emas, hunarmandlar yonida ular bilan birga tikishni oʻrganishmoqda, oʻzlariga yoqqan serjilo buyumlarni xarid qilishmoqda. Eng muhimi ular doimiy mijoz boʻlib qolishmoqda.

20 nafardan ziyod hunarmand kashtachilik, miniatyura, rang-tasvir, naqqoshlik, boʻyoqli naqshlar, milliy liboslar tayyorlash, zargarlik buyumlari kabi 15 dan ziyod qoʻl mehnati namunalari bilan koʻrgazmada ishtirok etishdi. Yangi yil bayrami oldidan tashkil etilgan bu ajoyib koʻrgazmada mahalliy aholi va xorijlik mehmonlar doʻstlariga, yaqinlariga sovgʻa xarid qilishmoqda. Bu sovgʻalar jonajon yurtimiz jamolini, milliy qadriyatlarimiz timsolida dunyoga koʻz-koʻz qilishiga shak-shubha yoʻq.

F. XUDOYBERDIYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер