Toshkent shahrida daraxtlarni muhofaza qilish masalasi yuzasidan senatorlik soʻrovi yuborildi

18:34 06 Aprel 2026 Siyosat
389 0

Foto: Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Qozixonova Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov nomiga senatorlik soʻrovi yoʻlladi.

Soʻrovda soʻnggi yillarda mamlakatda aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etilgani va uning muddati uzaytirilgani alohida taʼkidlangan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikka muvofiq, daraxtlarni noqonuniy kesish, shikastlash yoki yoʻq qilish uchun javobgarlik kuchaytirilgani, qoidabuzarlar zimmasiga kesilgan daraxtlar oʻrniga koʻchat ekish va ularni parvarish qilish majburiyati yuklatilgani qayd etilgan.

Shunga qaramay, ayrim hududlarda daraxtlarni kesish holatlari saqlanib qolayotgani aholi noroziligiga sabab boʻlayotgani bildirilgan. Jumladan, senatorlarning Toshkent shahri Chilonzor tumani aholisi bilan uchrashuvlari davomida fuqarolar joriy yil fevral oyida “Botirma” mahallasi 17-mavze, 33-uy atrofidagi hudud oʻrab olingani, qurilish ishlariga tayyorgarlik koʻrilayotgani va koʻp yillik daraxtlar kesilishi xavfi mavjudligidan xavotir bildirgan.

Mazkur holatdan kelib chiqib, senatorlik soʻrovida ushbu hududning hozirgi holati, uni oʻrab olish sabablari, rejalashtirilayotgan ishlar va ularning shaharsozlik meʼyorlariga muvofiqligi yuzasidan izoh soʻralgan. Shuningdek, hududdagi daraxtlar inventarizatsiyasi oʻtkazilgan-oʻtkazilmagani hamda ularni muhofaza qilish va kesilishining oldini olish boʻyicha qanday choralar koʻrilayotganiga aniqlik kiritish talab qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?