Toshkent shahar hokimi muammoli va oʻz yechimini kutayotgan masalalarni maʼlum qildi
Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisda Toshkent shahar hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitildi.
Toshkent shahrini har tomonlama rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi. Joriy yilning toʻqqiz oyi davomida Toshkent shahri boʻyicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,8 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 114,1 foizga oʻsgan. Aholi jon boshiga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 31,2 mln. soʻmdan ortiqni tashkil etgan.
Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlaridagi 8 ta kichik sanoat zonasida 1 trln. 237,3 mlrd. soʻmlik 582 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 239,2 mlrd. soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yashnobod, Yangihayot tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar doirasida sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida umumiy qiymati 6,8 trln. soʻmlik 120 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 11 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan.
Jami 911,9 mln. AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilinib, reja 137,2 foizga bajarilgan, eksport geografiyasi 80 ga yaqin mamlakatni qamrab olgan.
Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga asosan 221 ta loyiha doirasida 2 trln. 946,6 mlrd. soʻmlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobarga oshgan.
Shuningdek, “Raqamli Toshkent” dasturi doirasida geografik axborot-tahlil tizimi – Geoportal joriy qilinib, unga vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq axborot tizimlari integratsiya qilingan.
Shahar infratuzilmasi va davlat xizmatlari sifatini taʼminlash boʻyicha faol jamoatchilik nazoratini olib boruvchi “Xalq nazorati” portali va uning mobil ilovasi ishga tushirilgan. Portal orqali fuqarolardan kelib tushgan 3 mingdan ortiq muammoli masalaning 2 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgan.
Toshkent shahrini rivojlantirish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirilishi bilan bir qatorda, ayrim muammolar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar mavjudligi ham qayd etildi.
Jumladan, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davri davomida 30 nafar mulkdorga kompensatsiya mablagʻi toʻlab berilmagan, jamoat transportining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash, ayniqsa, aholi gavjum nuqtalarda yoʻlovchilarning bir transportdan ikkinchi transportga qisqa vaqtda xavfsiz oʻtish imkoniyatini yaratish maqsadida qoʻshimcha ravishda transport-oʻtish bogʻlamalarini tashkil etish zarurati mavjud.
Qayd etilganidek, «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalar tasarrufidagi avtobuslarning 16,6 foizi (196 tasi) texnik nosozligi bois harakat muntazamligi taʼminlanmayapti, yoʻlovchilarning avtobuslarni kutib turish vaqti ayrim yoʻnalishlarda 25-40 daqiqani tashkil qilmoqda.
Toshkent shahrida oqova suvlarni qabul qilish boʻyicha mavjud Salar, Boʻzsuv va Bektemir inshootlarida suv tozalash samaradorligi loyiha boʻyicha 75 foizni tashkil etadi, biroq bugungi kunda ushbu inshootlar 35,5 – 51,3 % quvvat bilan ishlamoqda.
Shaharda qurilish obyektlarining keskin koʻpayishi natijasida hosil boʻlayotgan changlarni suv sepib bostirish choralari yetarlicha koʻrilmayotganligi atmosfera havosiga changlarning meʼyordan ortiq chiqarilishiga olib kelmoqda.
Joriy oʻquv yilida Toshkent shahridagi 25 ta umumtaʼlim maktabi 2,1 koeffitsiyentdan yuqori quvvat bilan faoliyat yuritmoqda, 2026-yilda maktab yoshidagi bolalar soni 496,1 mingga yetishi kutilayotganligi bois yangi maktablar qurishga ehtiyoj ham ortib bormoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring