Toshkent davlat agrar universiteti talabalari uchun “Hokim stipendiyasi” joriy etiladi
Foto: TDAU Axborot xizmati
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar bilan uchrashish va ularni muammolarini joyida hal qilish yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda. Bu borada joylarda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”ni tizimli oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgani ijobiy samaralar berayotir.
Toshkent davlat agrar universitetida ham “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Unda Toshkent davlat agrar universitetining Birinchi prorektori S. Islamov boshchiligida jamoasi, talabalari Qibray tumani hokimi M. Rashidov boshchiligida sektor rahbarlari hamda tuman mahallalaridagi yoshlar ishtirok etishdi.
— Hozirgi kunda Toshkent davlat agrar universiteti Qibray tumanidagi 10 ta mahalla hamda 10 ta umumtaʼlim maktablari bilan yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga oʻrgatish maqsadida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, — deydi S. Islamov. — Jumladan, 4 ta mahallalarning Yoshlar yetakchilari bilan universitet Yoshlar ittifoqi yetakchilari hamkorligida osh chempionati, mahallardagi xotin-qizlar bilan hamkorlikda “Ibratli xonadon bekasi” nomli koʻrik-tanlov oʻtkazildi. Talaba-yoshlarning kasb-hunarga boʻlgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Qibray tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi tomonidan seminar tashkil etildi.
Uchrashuvda Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidovning yoshlar bilan ishlash borisidagi ishlari toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi. Hokim tomonidan faol yoshlarga hamda universitet Birinchi prorektori va jamoasiga tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Yoshlar tomonidan rahbarlarga turli mavzularda savollar yoʻllanib, ularga javoblar olishdi. Xususan, Toshkent davlat agrar universiteti talabasi tomonidan tumanda “Hokim stipendiyasi”ni tashkil etish boʻyicha berilgan taklifi iliq qabul qilinib, hokim mazkur taklif ijobiy hal qilinishi taʼkidladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring