Toshkent aeroportida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha keng koʻlamli mashgʻulotlar oʻtkazildi

18:20 21 Noyabr 2023 Jamiyat
234 0

“Toshkent” xalqaro aeroporti hududida zilzila paytida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha taktik-maxsus oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Ehtimoliy vaziyatga koʻra, shaharda kuchli zilzila sodir boʻladi. Natijada aeroportda joylashgan va ichida odamlar boʻlgan binolar qulab tushadi hamda omborda radioaktiv moddalar sizib chiqishi yuzaga keladi. Fuqaro muhofazasi organlari xodimlari aeroport ishchilarini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish, jabrlanganlarni vayronalar ostidan qutqarish, yaradorlarni maxsus joylashtirilgan tibbiy chodirlarga yetkazish boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni bajarishdi.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining radioaktiv moddalar bilan ishlash boʻyicha maxsus guruhi bilan birgalikda radioaktiv moddalarni dezinfeksiya qilish, toʻplash va xavfsiz hududga olib borish harakatlari amaliyotda oʻrganildi. Mashgʻulotlar yakunida xodimlarni aeroport hududidagi maxsus bunkerga evakuatsiya qilish boʻyicha qoʻshma harakatlar amalga oshirildi.

Aeroportdagi mashgʻulotlar joriy yil 15-noyabrdan 15-dekabrga qadar respublika boʻylab oʻtkazilayotgan “Yongʻin xavfsizligi oyligi” doirasida boʻlib oʻtdi. Tadbir tabiiy ofatlar paytida Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Toshkent aeroporti boʻlinmalarining idoralararo oʻzaro hamkorligini yaxshilash, shuningdek, aeroportda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha shaxsiy tarkibning tayyorgarligini oshirishga qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер