Toʻraqoʻrgʻon va Popda “obod markaz” taqdimoti
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29-fevral – 1-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan topshirigʻi asosida viloyat boʻyicha “Obod markaz” dasturi ishlab chiqilgandi. Ayni dasturga muvofiq amalga oshirilgan katta xajmdagi bunyodkorlik ishlari sharofati bilan hududdagi tuman markazlari har jihatdan toʻkis, aholi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan hududga aylanmoqda.
Masalan, chinakam bunyokorlik maydoniga aylangan Toʻraqoʻrgʻon koʻrkamlikda katta shaharlar bilan bilan bellasha oladigan qiyofa kasb etayotir. “Obod markaz” dasturi ijrosi bilan bu yerda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va ijtimoiy yoʻnalishlardagi obyektlarda jami qiymati 118 milliard soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari roʻyobga chiqarildi. Jumladan, Madaniyat saroyi mukammal taʼmirlanib, 380 oʻrinli zamonaviy konsert va 40 oʻrinli konferensiya zallari barpo etildi. Yana bir ikki qavatli yangi binoda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonasi va Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash qabulxonasi hamda davlat xizmatlari faoliyat olib boradi.Qisqa vaqt ichida bunyod qilingan 4 ta koʻp qavatli turarjoy binosi, ikkita xususiy klinika, mukammal taʼmirdan chiqarilgan qator maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarining binolari, kengaytirilgan avtomobil yoʻllari shahar qiyofasini yanada oʻzgartirgan.

- Toʻraqoʻrgʻonni obod markazga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar nafaqat kishining havasini keltiradi, balki, gʻayratini orttiradi,-deydi tadbirkor Islom Turgʻunov. – Toʻgʻrida, yurtini sevgan inson borki, bunday paytda tomoshabin boʻlib turish aslo yarashmaydi. Shundan kelib chiqib, mahalliy hokimiyatga “Ochiq osmon ostidagi yoshlar maskani” qurish loyihasini taqdim etgandim. Uning qurilishiga 1,5 milliard soʻmdan ziyod sarmoya yoʻnaltirdik. Muzqaymoq va salqin ichimliklar shahobchasi, kutubxona hamda Wi-Fi zonasidan iborat bu maskan yoshlarning diltortar joylaridan biriga aylangan. Yigit-qizlar bu yerda stol tennisi, shaxmat-shashka va velosport bilan shugʻullanishlari uchun ham imkoniyat yaratilgan.
Bugun Popga tashrif buyurgan kishining ham shaharni obod markazga aylantirish borasidagi saʼy-harakatlardan dili ravshan tortadi. Bu yerda dastur doirasida 79,8 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash va obodonchilik tadbirlari natijasida hudud yanada chiroy ochdi, aholining munosib hayot kechirishi uchun qator qulayliklar yaratildi. Odamlar “Hazratibob” ziyoratgohining qayta qurilgani, yangidan bunyod etilgan ekopark, mukammal taʼmirdan chiqarilgan 6 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻli, yangi tortilgan 8,8 kilometr uzunlikdagi ichimlik suv tarmogʻi, 23 ta koʻp qavatli turarjoy binosida olib borilgan ishlardan, ayniqsa, hursand.
Taʼkidlash lozimki, har ikki shaharda oʻtkazilgan taqdimot marosimi tuman ahli, viloyatning boshqa hududlaridan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirokida katta bayramga aylandi.
Taqdimot tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Xudoybergenov, Namangan viloyati hokimi X. Bozorov qatnashdilar.
Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring