Toʻqimachilik sanoati murakkab davrda ham faoliyatini toʻxtamaydi

16:18 02 Iyun 2020 Iqtisodiyot
1706 0

Samarqand viloyatidagi toʻqimachilik korxonalari bugungi kunda 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin hozirda ularning atigi qariyb 50 foizidan foydalanilyapti. Shu bois, toʻqimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-toʻqimachilik klasterida yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin choralari qoʻllanilgani bois Samarqand viloyatida 5 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlari faoliyatini vaqtincha toʻxtatishga majbur boʻlingan edi. Bunday paytda viloyatdagi 110 mingdan ortiq kambagʻal oila, ishlamayotgan korxonalarning ishchilari va chet eldan qaytib kelgan fuqarolarning bandligini taʼminlash rejalashtirilgan. Hozirgacha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, toʻxtab qolgan korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish va boshqa yoʻnalishlarda qariyb 35 mingta ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan. Shu paytga qadar esa faoliyati toʻxtab qolgan 3 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti ishni qayta boshladi va 25 mingga yaqin fuqaroning bandligi taʼminlandi. Yirik tekstil korxonalari esa sanitariya qoidalariga amal qilgan holda ishlab chiqarishni toʻxtatmay barqaror faoliyat yuritmoqda.

Misol uchun, Samarqand shahridagi “SAMARKAND EUROASIA TEXTILE” korxonasida dastlab erkaklar koʻylagi ishlab chiqarilgan boʻlsa, hozirda korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlarning turi 20 dan oshib, ishchilar soni 500 nafardan ortdi.

Korxonada ishlab chiqarilayotgan choyshab, yostiq va koʻrpa jildlari, dasturxon hamda boshqa mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab ortib bormoqda. Muhimi, korxona mahsulotlari mahalliy paxta tolasidan tayyorlangan ekologik toza matodan tikilmoqda. Korxonada yuqori sifat va xalqaro talablar asosida tayyorlanayotgan mahsulotning 80 foizi eksport qilinyapti. Joriy yilning oʻtgan davrida korxona 700 ming dollarlik mahsulot eksportini amalga oshirdi.

— Bu yil korxonamizda uy-roʻzgʻor buyumlari ishlab chiqarish ham boshlandi, — deydi sex boshligʻi Farrux Usmonov. — Hozirda mahsulotlarimizni Rossiya, Belarus Chexiya, Turkiya, AQSH, Qozogʻiston, Qirgʻiziston davlatlariga eksport qilyapmiz. Joriy yilning uchinchi choragida yangi loyihani amalga oshirib, yana 120 nafar xotin-qizni ishga jalb qilish niyatidamiz. Yil yakunigacha korxonamizda matolik gul qogʻoz ishlab chiqarib, 2021-yildan bu mahsulotni ham eksport qilishni rejalashtiryapmiz.

Korxonada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiyada ishlab chiqarilgan 100 ta tikuv mashinasi keltirib oʻrnatildi. Oʻndan ortiq tikish amaliyotini bajaradigan bunday zamonaviy dastgohlarni shu oydan ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Viloyatdagi yirik tekstil korxonalaridan yana biri - Bulungʻur tumanidagi «Maroqand sifat» masʼuliyati cheklangan jamiyatidir. Korxona yiliga 2 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Narpay tumanidagi 13 ming gektar maydonda paxta yetishtirayotgan mazkur korxona toʻla klaster tizimida ishlayapti. Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar Qozogʻiston, Rossiya, Turkiya davlatlariga sotilmoqda. Hozirgi pandemiya sharoitida korxonaning 700 dan ortiq ishchisi karantin talablariga qatʼiy rioya etgan holda ishni davom ettirishyapti.

— Korxonamiz asosan mahalliy paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi, — deydi «Maroqand sifat» masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Jahongir Ismatov. — Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar natijasida 2019-yilda bizga imtiyozli kredit ajratilib, xorijdan zamonaviy uskunalar keltirildi. Umumiy qiymati 4 million dollar boʻlgan qoʻshimcha quvvat ishga tushirilishi bilan yana 350 kishining bandligi taʼminlandi va korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilar 700 nafarga yetdi.

Viloyatda ishlab chiqarish korxonalari faoliyati asta-sekin qayta tiklanmoqda. Demakki, iqtisodiyot iziga tushyapti. Tez orada barcha korxonalar avvalgi quvvatda ishlashiga va eksport salohiyatini yana-da oshirishga erishiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер