Tomorqani xazinaga aylantirgan 90 xonadon
Foto: Xalq so‘zi
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi «Mirishkor» MFYda «Yoshlik» nomi bilan ataluvchi koʻcha bor. Bu yerga aholi 1990 yillarda qarovsiz yerlarni oʻzlashtirib, koʻchib chiqqan. «Yoshlik» mahallaning qolgan qismidan biroz uzoqda va alohida hududda joylashgan.
Eʼtiborli jihati, soʻnggi yillarda «Yoshlik» koʻchasi ahli oʻzlarining dehqonchilik va chorvachilikda erishayotgan yutuqlari, birgina tomorqadan millionlab daromad topayotgani bilan tez-tez tilga tushmoqda.
Masalan, 72 yoshli oqsoqol Toʻraqul Nusratov faoliyati bilan tanisharkansiz, ishlagan, mehnat qilgan kishi uchun bir parcha yer ham katta xazina ekaniga amin boʻlasiz.
— Oila aʼzolarim bilan birga 10 sotix tomorqada dehqonchilik qilamiz, — deydi Toʻraqul ota. — Asosan toʻqsonbosti usulda sarimsoqpiyoz yetishtiramiz. Bu biz uchun ayni muddao. Chunki odatiy ekinlar mavsumiga qadar yer boʻsh turmaydi. Ekin kuzda nish urib, koʻkarib olgach, qish boʻyi yer tagida ildiz otib, kuch toʻplaydi. Bahor kelib, kunlar isishi bilan gurkirab rivojlanadi. May oyining oʻrtalariga borib hosilni yigʻib olamiz. Oʻtgan yili bir tonnadan oshiq hosil olgandim. Bu yil yanada koʻprogʻini moʻljallab turibmiz.
Toʻraqul bobo sarimsoqpiyoz hosili yigʻib olingach, darhol oʻrniga shirin makkajoʻxori ekishini aytadi. Chunki oddiy joʻxoriga qaraganda shirin makkajoʻxorining xaridori koʻp, narxi baland.

— Oʻtgan yili 600 kilogramm shirin makkajoʻxori hosili olib, kilosini oddiy makkajoʻxoriga qaraganda qariyb besh barobar qimmatga sotdik, — deydi u. — Poyasi esa chorva uchun foydali ozuqa. Bundan tashqari chorvachilik, parrandachilik bilan ham shugʻullanamiz. 20 dan oshiq qoramol, yuzdan ortiq tovugʻimiz bor. Har kuni ichki bozorga shunga yarasha sut, tuxum, goʻsht, sariyogʻ olib chiqamiz. Faqat shularning oʻzidan roʻzgʻorga oyiga yigirma million soʻm atrofida daromad kirib keladi.
— Toʻraqul bobo Nusratov singari faollarimizning tomorqachilikda erishayotgan yutuqlar koʻpchilik uchun ibrat boʻlmoqda, — deydi «Mirishkor» MFY raisi Hilola Ahmedova. — Masalan, «Yoshlik» koʻchasida 90 ta xonadon bor. Barcha xonadon aʼzolari xuddi Toʻraqul bobo singari sarimsoqpiyoz va shirin makkajoʻxorini almashlab ekishadi. Roʻzgʻor uchun boshqa meva-sabzavot mahsulotlarini ham oʻzlari yetishtiradi. Tomorqaning ortidan yaxshi daromadga ega. Shu bois bu koʻchada kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yoʻq.
Darhaqiqat, birinchi guruh nogironi Farhod Hamroyevning tomorqasi ham eʼtiborimizni tortdi. Besh sotix maydonda barq urib rivojlanayotgan sarimsoqpiyozlar ertaga yaxshigina daromad naqdligini anglatib turibdi.

— Koʻzlarim koʻrmasada, tomorqada ishlashni oʻrganganman, — deydi u. — Oilam, farzandlarim menga doim koʻmakchi. Ekindan tashqari qoramol, qoʻy, tovuq boqamiz. Asosiy oziq-ovqatlarning barchasi tomorqadan chiqadi. Oʻzimizdan ortganini bozorga sotamiz. Xullas, mehnatimiz ortidan roʻzgʻorimiz but, hayotimiz farovon.
Jahongir BOYMURODOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring