Tomorqangizda bizning ham rizqimiz bor

15:08 19 Yanvar 2022 Jamiyat
912 0

Oʻlkamizda qish ham tobora oyoqlab, yer egasi borki, koʻklamgi ekin-tikinning tashvishiga tushdi. Omilkor tomorqa egalari oʻtgan yil kech kuzida ekilgan sabzavotining roʻzgʻoidan ortganini bozorlarga olib chiqmoqda. Aynan ularning, taʼbir joiz boʻlsa, fidokorona mehnatlari tufayli qish chillasida ham bozorlarimizda narx-navoning barqarorligi kuzatilayotir.

Raqamlarga murojaat etsak, oʻtgan yili Navoiy viloyatida barcha toifadagi xoʻjaliklarda sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish rejalari oshigʻi bilan bajarildi. Biroq viloyatda oʻtgan yili mavjud tomorqa yerlaridan ming gektaridan ortigʻining bir yillik “umri zoye ketgan”ligini inobatga olsak, xomaki hisob-kitoblarga koʻra, ming nafarga yaqin tomorqa egasi yoki shuncha oila kamida 4,5-5 million soʻmlik qoʻshimcha daromadini havoga sovurdi, desak, adashmaymiz. Albatta buning suv taʼminoti bilan bogʻlik yoki boshqa muayyan sabablari bor.

Lekin oʻz tomorqasidan million-million soʻmlab daromad koʻtarayotganlarga Navoiy viloyatining har bir hududidan oʻnlab, yuzlab misollar keltirish mumkin. Xususan, Karmanada Tursunovlar, Navbahorda Toshpoʻlatovlar, qiziltepalik Rustamovlar, xatirchilik Ernazarovlar oilasi shular jumlasidan. Ayniqsa, Karmana tumanidagi Jaloyir qishlogʻining tomorqachilik madaniyati haqida soʻz ketsa, hududning Shibzon, Gurda, Arabxona, Yuqori bugʻ, Allon kabi mahallalari ahli bu ishning xadisi olgan kishilar sifatida tilga olinadi.

— Noyabr oyining boshlarida tomorqamizdagi uch sotix yerga piyoz, sarimsoq piyoz, ismaloq va boshqa koʻkatlar ekamiz, — deydi jaloyirlik Nodira Kamolova. — Erta koʻklamda hosilni yigʻishtirib olib, oʻrnida pomidor, bodring yetishtiramiz. Uning ortidan bulgʻor qalampiri, sholgʻom, karam, kechki bodring ekib, yana daromad olamiz. Mana, hozir yerlarimiz ismaloqdan boʻshamoqda. Peshma-pesh oziqlantirib, ekishga tayyorlayapmiz. Xullas, tinim yoʻq, lekin shu mehnatimiz ortidan, ming qatla shukr, hamma orzu-havaslarimizga yetishyapmiz.

Albatta, holva degani bilan ogʻiz chuchimaydi. Tomorqa mehnat talab qiladi. Biroq unga har kuni ikki soatgina vaqtini bagʻishlagan kishi oʻrtacha ikki sotixdan yerga ishlov bersa, bir haftada oʻn toʻrt sotix yerni oʻzlashtiradi. Bu har biridan ikki sotixdan ekilganida 300 kilogramm kartoshka, 400 kilogramm sabzi, 500 kilogramm piyoz, 100 kilogramm sarimsoq piyoz, 550 kilogramm pomidor, 600 kilogramm bodring, pulga chaqqanimizda esa bir roʻzgʻorga bir mavsumda 10 million soʻmdan ortiq daromad deganidir.

Qolaversa, tomorqa salomatlikning beminnat himoyachisi. Unda har kuni bor-yoʻgʻi bir soat ishlagan kishi butun tanasi muskullarining chigilini yozib, qon aylanishi yaxshilanadi. Shuningdek, tomorqa hosili roʻzgʻor dasturxonlari toʻkin va rang-barangligi manbai, bu esa oʻz navbatida farzandlarning nainki jismoniy, balki aqliy barkamolligi garovi hamdir.

Mamlakatimiz rahbari har yili tomorqalardan foydalanish samaradorligini oshirishga, bozor yukini yengillashtirish, shu orqali aholi bandligini taʼminlashning ustuvor omili sifatida eʼtibor qaratib, tomorqa egalarini qoʻllab-quvvatlashning samarador mexanizmlarini joriy etish vazifalarini belgilaydi. Natijada ilgarigidek xonadonlarga “Tomorqaningizga nega hech narsa ekmadingiz, eking”, deb emas, ekishga monelik qiladigan qanday muammongiz bor, degan maqsadlar bilan borilmoqda. Ushbu tizim samarasi oʻlaroq oʻz tomorqasida issiqxonalar tashkil etish niyatidagi fuqarolarimizga ssuda va kredit mablagʻlari taqdim etilmoqda. Oʻrganishlar asosida ekin suvi taʼminoti ogʻir boʻlgan mahalla va xonadonlar aniqlanib, tik quduq (artezian) qazish va buning uchun kredit mablagʻlari yoʻnaltirish tadbirlari belgilanmoqda.

Nurota tumanida Ilhom Samiyev rahbarligidagi “Nurota tomorqa klaster” MCHJ shulardan biri boʻlib, unga ikki yil oldin asos solingan. Oʻtgan yili tadbirkor Alisher Navoiy nomidagi MFY hududida meva-sabzavotni qayta ishlash loyihasi asosida umumiy qiymati 5.5 mlrd. soʻmlik 300 tonna sigʻimga ega muzlatkich - omborxona, mevani saralash, qayta ishlashdan tortib qadoqlashgacha boʻlgan jarayonlarni jamlagan sex, parrandachilik inkubatori, sunʼiy urugʻlantirish punkti, koʻchatchilik, don maydalash sexlarini ishga tushirdi.

— Korxonamiz tomorqa egalariga tik quduq (artezian) qazib berish xizmatini ham taklif etmoqda, — deydi Ilhom Samiyev. — Ushbu klasterni yoʻlga qoʻyish orqali mahalliy aholidan ellik kishining bandligini taʼminladik. Korxonamizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini muzlatgich-omborda sarhil saqlashdan tashqari sabzi, piyoz va bogʻdorchilik mevalarini quritib, qoqi koʻrinishida qadoqlash va tashqi hamda ichki bozorga chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, tomorqa har bir xonadon madaniyati, maʼnaviyati, muhit sogʻlomligi koʻzgusi hamdir. Darvozadan kirgan kishi hovli sahniga nazar soliboq, “Otasiga rahmat” yoki “Xayf shuncha yer” degan munosabatni koʻnglidan oʻtkazadi. Tomorqasi obod kishining koʻngli ham, turmushi ham obod boʻladi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер