Tomorqalardan maqsadli foydalanish – ham vazifa, ham burchimizdir

21:59 16 Aprel 2020 Jamiyat
926 0

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi tobora avj olishi oqibatida rivojlangan davlatlar ham oʻz aholisini ertangi kunda oziq-ovqat bilan taʼminlash muammolariga duch kelyotganining guvohi boʻlyapmiz. Davlatimiz tomonidan aholiga tomorqalar ajratilishi amaliyoti toʻgʻriligining isboti va dalili boʻlib, Jahon banki oʻz hisobotida Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiyotning oʻsish surʼatlarini taʼminlaydigan manba qishloq xoʻjaligi ekanligini eʼlon qilib, bu borada Oʻzbekistonda imkoniyatlar kattaligiga alohida eʼtibor qaratganidir.

Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda barcha mamlakatlarni qamrab borayotgan iqtisodiy inqiroz va boshlanayotgan xalq isteʼmoli mahsulotlarining tanqisligining oldini olish boʻyicha davlatimiz va hukumatimizda aniq strategiya va rejalar bor. Albatta, aholi turmushi barqarorligini taʼminlash borasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda Oliy Majlis senator va deputatlari hamda mahalliy Kengashlar deputatlari oʻz vazifa va burchlarini sidqidildan bajarish yoʻli bilan hissalarini qoʻshadi.

Davlatimiz rahbari raisligida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishlarida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan kompleks va tizimli choralar muhokama qilindi.

Birinchidan, pandemiya va karantin qancha vaqt davom etishidan qatʼi nazar, meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini ikki barobarga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, oziqa ishlab chiqaradigan korxonalar, qoramol, parranda boqish boʻyicha oilaviy kooperatsiyalarni koʻpaytirish, baliq yetishtirish, asalarichilik, ipakchilik sohasida ishlarni samarali tashkil etish kabi ishlarni yoʻlga qoʻyib, aholini ish bilan taʼminlash va daromadlarini koʻpaytirish vazifalari belgilandi.

Ikkinchidan, paxtachilik va gʻallachilik tizimini rivojlantirish uchun zarur qulaylik yaratilmoqda. Jumladan, pandemiya taʼsirini yumshatish boʻyicha qabul qilingan farmonlarga muvofiq, kreditlarni qaytarish muddati uzaytirildi, soliq boʻyicha qator yengilliklar joriy qilindi.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmini koʻpaytirish maqsadida yangi bogʻ va tokzorlar orasiga kartoshka, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, koʻkat, noʻxat, mosh, loviya, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri va poliz ekinlari ekish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yuqoridagi vazifalar yuzasidan masʼullar belgilandi, mutasaddilarga meva-sabzavotlar eksporti boʻyicha tumanlar va xoʻjaliklar kesimida aniq hisob-kitob qilib, pandemiya sharoitida yuzaga keladigan masalalarni qisqa muddatda hal qilib borish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Uchinchidan, fuqarolarimiz davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga hamnafas boʻlib, bor kuch-gʻayrati bilan oʻz tomorqalarida faol ishlash orqali ularda mahsulot yetkazishni yoʻlga qoʻyishi lozim.

Bu masalaga Prezidentimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai sifatida alohida eʼtibor qaratar ekan, tomorqachilikni rivojlantirish borasida davlat tomonidan mantiqiy ketma-ketlikda chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda aholiga koʻmaklashadigan, moddiy resurslarni yetkazib beradigan va moliyalashtiradigan yangi tizim yaratildi. Shu munosabat bilan aholini halq isteʼmoli mollari bilan taʼminlash masalasini butunlay davlat idoralari yelkasiga tashlab, tomoshabin boʻlib qolmasdan, tomorqalardan maqsadli foydalanish barcha xonadon egalarining ham vazifasi, ham burchidir.

Shuhrat CHOʻLLIYEV,
Oliy Majlis Senati
Sud-huquq masalalari va
korrupsiyaga qarshi kurashish
qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер