Tomorqaga mehr bergan – baraka topadi

20:18 20 Iyun 2024 Jamiyat
288 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. 2021-yil 23-noyabrda Prezidentimizning “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilingandi. Bu aholining qishloq xoʻjaligiga oid tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, daromad topishga qaratilgan tashabbuslarini rivojlantirishga katta yordam berdi. Natijada, mamlakatimizda yetishtirilgan 80 turdan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari dunyoning 70 ga yaqin davlatlariga eksport qilinishi orqali eksport salohiyati teng baravarga ortdi.

Bu boradagi saʼy-harakatlar Andijon viloyatida ham oʻz samarasini bermoqda. Jumladan, Buloqboshi tumanida 101 gektar ekin maydoni 700 nafardan ziyod aholiga boʻlib berildi.

— Oilaviy sharoitim tufayli “Temir daftar”dagi roʻyxatga kiritilgandim, — deydi tomorqachi Sanobarxon Ahmadaliyeva. — Bundan ikki yil oldin 15 sotix yer ajratilishi natijasida bugun oʻzim ish beruvchiga aylandim. Yerdan oqilona foydalanish orqali ikki nafar mahalladoshim ham doimiy daromad manbaiga ega boʻldi.

Xoʻsh, bunga qanday erishdik? Birinchi yilning oʻzidayoq yerdan uch marta hosil oldik. Yaʼni, fevral oyida ekilgan kartoshkani 18 million soʻmga sotgach, yerga boʻlgan eʼtiborim yanada ortdi. Ikkinchi hosil hisobida moshdan 20 million soʻm daromad oldim. Moshdan boʻshagan yerga makkajoʻxori ekib, 20 million soʻm ishladim. Bir yilda salkam 50 million soʻm daromad oldim.

Durbek Qodirov ham qishloq xoʻjaligida boy tajriba toʻplagan. Unga ajratib berilgan 15 sotixli yer maydoni haqiqiy daromad manbaiga aylangan.

— Qishlogʻimizdagi hovlilar 10-15 sotixdan iborat. Agar undan unumli foydalanilsa, haqiqiy xazinadonga aylanadi, — deydi Durbek aka biz bilan suhbatda. — Oʻtgan yili noyabr oyida yerga sarimsoq piyoz boshchalarini suqqandim. Bahorda ular 10 tonna hosil berdi. Hosildan boʻshagan maydonga mosh ekdim. Quvonarlisi, moshning donini xaridorlarning oʻzlari kelib sotib olishadi. Undan qolgan yem-xashak uy hayvonlari uchun yaxshigina ozuqa boʻldi. Mana shu kaftdek maydondan bir yilda oʻrtacha 50 million soʻm daromad topaman.

Buloqboshi tumani qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashganligi sabab aholi har bir qarich yerning qadriga yetadi. Ular sarimsoqpiyoz, uzum, lola yetishtirish boʻyicha oʻziga xos tajriba maktabini yaratgan. Masalan, joriy yilda 121 gektar yer maydonida sarimsoqpiyoz parvarishlandi. Har gektar ekin maydonidan 100 tonnagacha hosil yigʻib olindi. Eʼtiborli jihati, umumiy maydonning 85 gektari xonadonlardagi tomorqalar va hukumatimiz tomonidan ajratib berilgan yer maydonlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda.

Amaliyotda oʻzining ijobiy natijasini berayotgan ushbu tizim joriy yilda yanada ommalashdi. Bu yil viloyat boʻyicha 16966 nafar yoshlarga 2500 gektar yer maydoni ajratib berildi. Hozir yosh dehqonlar dastlabki hosilni ichki bozorga chiqarmoqda.

— Menga 10 sotix yer maydoni ajratib berilgandi, — deydi Andijon tumanilik Saydullo Akbaraliyev. — Bu yerga 300 kg. kartoshka ekdim. Urugʻning har bir kilogrammini 4 ming soʻmdan, jami, 1 mln. 200 ming soʻmga sotib oldim. Yer tayyorlash, oʻgʻitlash, ishlov berish ishlariga 1,5 million soʻm pul sarflandi. Shu 10 sotix maydondan 2,5 tonna hosil oldim. Uning har bir kilogrammini 4 ming soʻmdan sotdim. Jami, daromadim 10 million soʻmni tashkil etdi. Ikki yarim oylik mehnat uchun bu yaxshi natija!

Aniq raqamlarda oʻz ifodasini topgan bu natija mamlakatimizda qishloq xoʻjaligidagi kichik istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda aholidan keng foydalanishning ijobiy samarasidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер