Tomdida yashash — chinakam qahramonlik

01:36 16 Fevral 2022 Jamiyat
951 0

Foto: Халқ сўзи

Tomdi tumani Navoiy viloyati markazidan salkam 260 kilometr olisda joylashgan. Qizilqum emasmi, iqlimi oʻta kontinental. Saratonda termometr ustuni havo harorati 45- 48 darajadaligini koʻrsatsa, qishning chillasida manfiy 25-30 darajagacha tushgan kunlar ham boʻladi.

2018-yilda (qariyb 44 yillik tanaffusdan soʻng) Tomdiga mamlakat rahbari tashrif buyurib, tuman faollari bilan dildan suhbat qurdi. Ularning timsolida tomdiliklarning orzu-havas, umid-ishonch va muammolari bilan qiziqarkan, ushbu hududda yashashning oʻzi chinakam qahramonlik, deya taʼkidladi. Bu tahsin biyday sahroni Vatan bilib, mehrini bergan, zahmat chekib halovat topayotgan tomdiliklarga yuksak ehtirom ifodasi hamdir.

Bugungi kunda Tomdida 15 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mamlakat, viloyat va tumanning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi muhim yangilanishlardan hududning olis ovullari ahli 1938-yildan buyon nashr etilayotgan «Tomdi sharuageri» gazetasi orqali xabardor boʻlishadi. Gazetaga turli yillarda Abubakr Shektibayev hamda “Doʻstlik” ordeni sohibi Shamil Abdusamatov kabi jurnalistlar muharrirlik qilishgan. Ularning chorvadorlarning mashaqqatli mehnati va choʻlning injiq tabiatidan ziynat topib yozgan maqolalari markaziy nashrlarda ham yuqori baholanib, chop etilgan. Afsuski, bugun ular oramizda yoʻq.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi tashabbusi bilan tuman hokimligi masʼullari hamrohligida ushbu marhum jurnalistlarning oila aʼzolari holidan xabar olindi.

A.Shektibayev 2000-2015-yillarda «Tomdi sharuageri»da muharrir vazifasida ishlab, 6 nafar farzandni voyaga yetkazgan. Ularning kenjasi Jarasqan bugun “Yangi Tomdi” qoʻrgʻonidagi xonadonda ota uyi chirogʻini yoqib oʻtiribdi. Tadbir doirasida A. Shektibayevning viloyat jurnalistikasiga qoʻshgan hissasi eʼtirof etilib, marhum jurnalistning oila aʼzolariga oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan “Saxovat qutisi” topshirildi.

Tomdilik yana bir fidoyi jurnalist — Shamil Abdusamatov esa hududning yagona nashriga Abubakr ogʻadan soʻng (2015-2020-yillarda) muharrirlik qilgan.

— Turmush oʻrtogʻim umrini gazetaga bagʻishladi, — deydi marhum jurnalistning bevasi Gulboni Quttimurotova. — Avvalo, gazeta faoliyatiga befarq boʻlmagan tuman hokimligidan minnatdormiz. Bugungi kunda gazetamiz 1650 nusxada chop etilib, unda kuryer vazifasida ishlab kelyapman.

Tomdida yashashning oʻzi chinakam qahramonlik ekan, tuman ahliga bor-yoʻgʻi “Hormang!” deyish ham chinakam madad. Shu maʼnoda navoiylik jurnalistlarning tashabbusi boshqa soha vakillariga ham ibrat boʻlgulikdir.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер