“Tolibon”ning yuqori martabali delegatsiyasi muzokaralar uchun Norvegiyaga keldi
Foto: ana.press
Afgʻonistonda hokimiyatni qoʻlga olgan “Tolibon” harakati delegatsiyasi Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan Osloga joʻnab kelgan. Bu yerda bir qator davlatlar vakillari, shuningdek, Afgʻonistonning turli ijtimoiy-iqtisodiy vakillari ishtirokida maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
Bu haqda Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Abdul Kahor Balxiy maʼlum qildi.
«Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaki boshchiligidagi Afgʻoniston Islom Amirligining yuqori martabali delegatsiyasi maxsus reysda Norvegiyaga joʻnab ketdi. U yerda turli mamlakatlar vakillari bilan insonparvarlik yordami, shuningdek, siyosiy, taʼlim va iqtisodiy masalalar boʻyicha muzokaralar oʻtkaziladi», deydi “Tolibon” vakili.
Juma kuni Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi “Tolibon” delegatsiyasini 23-25 yanvar kunlari “Norvegiya hukumati, xalqaro hamjamiyat va fuqarolik jamiyatining turli sohalaridagi afgʻonlar” bilan maslahatlashuvlarda qatnashish uchun Osloga taklif qilingani haqida maʼlum qildi. Shu bilan birga, Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Anniken Xyuitfeldtning taʼkidlashicha, boʻlajak uchrashuvlar Afgʻonistonda “Tolibon” tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumatni tan olishni anglatmaydi.
Afgʻonistonning 1TV telekanali xabariga koʻra, muzokaralarda Volesi Jirgʻaning (Xalq palatasi, mamlakat parlamenti quyi palatasi) sobiq deputati va Afgʻoniston milliy birdamlik harakati rahbari Said Ishoq Gʻiloniy, Volesi Jirgʻaning sobiq aʼzosi Jafar Mahdaviy, shuningdek, taniqli afgʻon jurnalisti va huquq himoyachisi Mahbuba Siraj ham ishtirok etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring