“Tolibon” harakati Turkiyaga jiddiy tahdid qildi
Foto: Reuters
“Tolibon” harakati Turkiya harbiylarining Afgʻonistonda qolishiga keskin qarshi chiqdi.
“Turkiya hukumati tomonidan AQSH iltimosi va qaroriga muvofiq mamlakatimizga qarshi tajovuz davom ettirilishi toʻgʻrisida eʼlon qilinishi bizda nafrat va adovatni keltirib chiqardi hamda bu ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazadi”, deyiladi “Tolibon” harakatining bugun Afgʻoniston OAVda chop etilgan bayonotida.
Unda aytilishicha, Afgʻonistonda qaysi mamlakat boʻlishidan qatʼiy nazar, xorij davlatlari harbiy kuchlarining mavjudligiga tajovuzkorlik sifatida qaraladi.
Taʼkidlanishicha, xorij davlatlarining qoʻshinlarini Afgʻonistondan olib chiqish toʻgʻrisidagi qaror Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ratifikatsiya qilingan Doha kelishuvi asosida amalga oshirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2020-yilda Qatar poytaxti Doha shahrida AQSH va “Tolibon” harakati 14 oy ichida Afgʻonistondan xorij davlatlarining harbiy qoʻshinlarini olib chiqib ketishni va afgʻonlararo muloqotni boshlashni nazarda tutuvchi tinchlik bitimini imzolagan edi.
“Turkiya hukumatining qarori mamlakatimiz suvereniteti, mintaqaviy xavfsizlik va milliy manfaatlarga ziddir. Biz hech kimning ishiga aralashmaymiz va hech kimning biznikiga aralashishiga yoʻl qoʻymaymiz”, deyiladi bayonotda.
“Tolibon” agar rasmiy Anqara oʻz niyatidan voz kechmasa, uning oqibatlari uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirmoqda.
Shu yilning may oyida AQSH prezidenti Jo Bayden hamda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan NATOning Afgʻonistondagi missiyasi tugagandan soʻng turk harbiylari Kobul aeroporti xavfsizligini taʼminlashda yetakchi rol oʻynashini nazarda tutuvchi kelishuvga erishgan edi.
Iyun oyida esa Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akar turk harbiylarini tegishli shartlar asosida Kobul aeroporti xavfsizligini taʼminlashga tayyorligini tasdiqladi.
Iyun oyi oʻrtalariga kelib Erdogʻan NATO qoʻshinlari Afgʻonistondan olib chiqilganidan soʻng AQSH koʻmagi bilan Afgʻonistondagi harbiy kontingentini saqlab qolishga tayyorligini eʼlon qildi.
Ayrim manbalarga koʻra, AQSH va Buyuk Britaniya hamda NATOning boshqa baʼzi mamlakatlari oʻzlarining diplomatik vakolatxonalarini himoya qilish uchun Afgʻonistondagi harbiy kuchlarning bir qismini saqlab qolish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqdalar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring